Samarqand xalqaro aeroportida ruxsatnomasiz olib kelinayotgan tibbiy uskunalar to‘xtatib qolindi
Samarqand xalqaro aeroportiga “Sheremetevo - Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi G.F. “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida bojxonachilar uning xatti-harakatidan shubhalanishadi. Xolislar ishtirokida fuqaroning bagaj sumkasini ko‘zdan kechirishadi.
Natijada sumkadan tegishli ruxsatnomasiz, deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, umumiy bahosi 32 million so‘mlik tibbiyot uskunalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 191-sonli qaroriga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga tegishli ruxsatnoma asosida olib kirishga ruxsat berilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.