Samarqand xalqaro aeroportida Majburiy ijro byuroning maxsus shoxobchasi ochildi, qarz aniqlansa, shu yerning o‘zida to‘lov qilish ham mumkin

Sud qarorlari asosida qarzdor shaxslarga nisbatan mamlakat hududidan chetga chiqishga vaqtincha cheklov o‘rnatish Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda Byuro organlarida minglab qarzdor jismoniy shaxslarga nisbatan Respublika hududidan chetga chiqish huquqlariga vaqtincha cheklov o‘rnatilgan. Qarzdorlik o‘z vaqtida bartaraf etilmasligi fuqarolarning chet elga chiqishiga “taqiq” quyilishiga sabab bo‘ladi.
Mamlakatimiz aeroportlaridan xorijga chiqib ketayotgan ayrim yo‘lovchilarning sud qarorlari asosida qarzdorliklari mavjudligi aniqlanib, aeroport-chegara va bojxona xizmati tomonidan qaytarilmoqda.

Natijada, qarzdor fuqarolar tomonidan ijro hujjati qaysi hududda ekanligi, qarzdorlikning kelib chiqish sabablari, to‘lash tartibini bilmaganligi oqibatida ortiqcha ovoragarchilik holatlari yuzaga kelmoqda.

Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori To‘rajon Jalilovning tahririyatga ma’lum qilishicha, bunday ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida, qarzdor fuqarolarga yuqoridagi holatlar yuzga kelganida tezkor ma’lumot olib, qarzdorlik, cheklov hamda qarzdorliklarni to‘lash tartibi bo‘yicha tushuntirish berish yo‘lga qo‘yildi.

Bunda Samarqand xalqaro aeroportining terminali hududida Byuro xodimlarning navbatchiligi tashkil etildi, endilikda fuqarolarga bu yerda o‘zlariga qo‘yilgan cheklovni bilishi, to‘lov qilishi va boshqa xizmat turlari tashkil etilgan.