Bayden 1,7 trillion dollarlik mamlakat byudjetini imzoladi, shundan 44,9 milliard Ukraina uchun ekani aytildi

AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni mamlakatning 2023 moliya yili uchun (1 oktabrdan boshlangan) byudjetini taxminan 1,7 trillion dollar miqdorida tasdiqladi, u Kiyevga yordam uchun 44,9 milliard dollar ajratishni ham nazarda tutadi. Bu haqda Oq uyning yozma bayonotida aytiladi.

"Bugun men bir yillik tarixiy taraqqiyot natijasi bo‘lgan ikki partiyaviy jamlanma qonun loyihasini imzoladim", deb yozdi Bayden ijtimoiy tarmoqda.

Uning ta’kidlashicha, byudjetga "tibbiy tadqiqotlar, xavfsizlik, faxriylar sog‘lig‘ini saqlash, tabiiy ofatlarni tiklash uchun mablag‘lar, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash va Ukrainaga o‘ta muhim yordam ko‘rsatish" uchun investitsiyalar kiritilgan.

Avvalroq 1,7 trillion dollar miqdoridagi yillik byudjet loyihasi AQSh Kongressining ikkala palatasi tomonidan ma’qullangani xabar qilingandi. Ushbu mablag‘ning 45 milliard dollari Ukraina va NATO davlatlariga yordam berish uchun mo‘ljallangan.

Mudofaa xarajatlariga 858 milliard dollar ajratiladi, bu joriy yilga nisbatan 10 foizga va Bayden so‘rovidan 45 milliard dollarga ko‘p. Byudjetning mudofaaga oid bo‘lmagan qismi 2022 moliya darajasidan 6 foizga yuqori.