Baydenni prezidentlik poygasidan voz kechishga kim ishontirdi va bu qanday sodir bo‘ldi?
Kecha xabar qilganimizdek, AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlik muddatiga qayta saylanish uchun kurashmasligini ma’lum qildi. “Prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharafdir. Qayta saylanish istagim bo‘lsa-da, men orqaga chekinishim va faqat muddatning qolgan qismida prezident bo‘lib ishlashga e’tibor qaratishim partiyam va mamlakatim manfaatlariga mos keladi, deb hisoblayman”, — deydi Bayden o‘z akkauntida.
AQSh prezidenti Jo Bayden ikki nafar eng yaqin maslahatchisi uni qayta saylanish imkoniyati yo‘qligiga ishontirganidan keyingina saylovoldi poygasidan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Politico gazetasi manbalarga tayanib xabar beradi.
Aytilishicha, o‘tgan dam olish kunlari Bayden bilan uchrashuvni uning ikki “yaqin maslahatchisi” – Mayk Donilon va Stiv Richetti bilan o‘tkazgan. Ular o‘z suhbatdoshi e’tiboriga uning qayta saylanish imkoniyati bilan bog‘liq partiyadoshlarining tashvishlarini yetkazishgan, saylov kampaniyasiga xayriyalar kamaygani haqida ma’lumot bergan, shuningdek, uning g‘alaba qozonish imkoniyati yo‘qligini tasdiqlovchi jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalarini taqdim etdgan.
Jo Bayden vitse-prezident Kamala Xarrisga Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lishni taklif qildi va uni partiyasi nomzodi sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Demokratlar nomzodi partiyaning 19-22 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan milliy qurultoyida rasman ko‘rsatiladi.
Donald Tramp Baydenning saylovdan voz kechishiga javoban uni “mamlakat tarixidagi eng yomon prezident” deb atadi.
Katta siyosatchilar Baydenga bajargan ishi uchun minnatdorchilik bildira boshladilar.
Kreml Baydenning qarorini sharhlar ekan, AQShdagi saylovlar oldidan ko‘p narsa o‘zgarishi mumkinligini aytdi. “Saylovga hali 4 oy bor va bu juda uzoq vaqt, bu vaqt ichida ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. Sabrli bo‘lish va keyin nima bo‘lishini diqqat bilan kuzatish kerak. Bizning ustuvor vazifamiz maxsus harbiy operatsiyada maqsadga erishishdir”, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Jo Bayden Donald Tramp bilan munozarada muvaffaqiyatsizlikka uchragach, deyarli bir oy o‘tgach yana bir muddatga nomzodini qo‘yishdan voz kechdi, deyishmoqda ayrim siyosatchilar. 27 iyun kuni Bayden Tramp bilan debat o‘tkazgan va ekspertlarning fikricha, respublikachi nomzod g‘alaba qozongan. Shundan so‘ng Bayden vakili bo‘lgan Demokratik partiya vakillari uni saylovoldi poygasidan voz kechishga chaqira boshladi. 30 dan ortiq amerikalik kongressmenlar ochiqchasiga shunday chaqiriqlar bilan chiqishdi. Bayden javoban noyabrga belgilangan saylovlarda g‘alaba qozonishini aytdi.
Shuningdek, Bayden kovid tufayli o‘zini izolyasiya qilgan holda prezidentlik poygasidan chiqishga qaror qildi, deb xabar bermoqda CNN. Oq uy 17 iyul kuni Jo Baydenda koronavirus testi ijobiy chiqqanini e’lon qildi. Prezident kovidning "yengil alomatlarini" boshdan kechirgan. U Delaverdagi uyida o‘zini izolyasiya qilgan. Shifokori Baydenning ahvoli sezilarli darajada yaxshilanganini aytgan.
AQSh prezidentining saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortishi bir necha o‘n yilliklar ichida birinchi marta bo‘ldi, deya qayd etadi CNN. Telekanal Baydenning qarorini 1968 yilda AQShning 36-prezidenti Lindon Jonson ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortganiga qiyoslaydi.