Bayden va Zelenskiy uchrashuvi: Prezidentlar nima haqida gaplashgan?

Kiyev va Vashington "Shimoliy oqim-2" gaz quvurining qurilishiga qarshi chiqishda davom etmoqda. Ular buni Yevropaning energiya xavfsizligiga tahdid deb bilishmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi chog‘ida Ukraina va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik haqidagi qo‘shma bayonotda aytilgan.

Ikki yildan buyon tayyorgarlik ko‘rayotgan uchrashuvda Zelenskiy va Oq uy mezboni, AQSh Prezidenti Jo Bayden energetika siyosati va iqtisodiy hamkorlik kabi masalalarni muhokama qilishdi.

Vladimir Zelenskiy:

"Biz reja tayyorladik, O‘z jamoam bilan birgalikda katta ish qildik. Maqsad - mamlakatimizni o‘zgartirish. Bu Ukraina iqtisodiyotini o‘zgartirishning batafsil rejasi. Qo‘shma Shtatlar bizning davlatimizning o‘zgarishi va iqtisodiy tiklanishida qanday rol o‘ynashi mumkinligi haqida gapirishni istardik.

Jo Bayden:

"AQSh Rossiya tajovuziga qaramay, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga to‘liq sodiq qolmoqda. Biz Ukrainaning yevroatlantik intilishlarini qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni jonlantiramiz".

Shuningdek, AQSh prezidenti Ukrainaga 60 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlaganini eslatdi.

Bayonotda aytilishicha, Rossiyaning agressiyasi, jumladan Donbassdagi mojarolar va Qrimni egallab olish 14 mingdan ortiq ukrainalikning hayotiga zomin bo‘ldi. Bundan tashqari, Yevropa va Qora dengiz mintaqasida beqarorlik yuzaga kelishi qoidalarga asoslangan global tartibga tahdid solmoqda.

Moskva Ukraina sharqidagi mojaroga aloqadorligini rad etib, Qrimga egalik qilish masalasi yopilganini bildirgan.