Ukraina AQShning «51-shtati» deb ataldi va Kiyevga yordam siyosati tanqid qilindi

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar sarflayotgan AQShning hozirgi ma’muriyati Rossiya Federatsiyasi bilan «vositachilik urushi» olib bormoqda. Bu fikrni matbuot anjumanida AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi, respublikachi Marjori Teylor Grin bildirdi. U Ukrainani AQShning 51-shtati deb atadi.

Matbuot anjumani Grin tashabbusi bilan quyi palataga Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishini nazorat qilish bo‘yicha rezolyusiya taqdim etilishi munosabati bilan o‘tkazildi. Xususan, qonunchilar AQSh prezidenti Jo Bayden davrida Kiyevga ajratilgan moliyaviy va harbiy yordamga oid tegishli hujjat va boshqa materiallarni Vashington ma’muriyatidan 14 kun ichida taqdim etishni so‘rashmoqda.
Grin ta’kidlaganidek, so‘nggi oylarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar sarflangan. “Ukrainaga jo‘natgan pullar orqali biz chegaramiz quvvatini oshirishimiz mumkin edi, lekin biz buni qilmayapmiz, - dedi respublikachi AQShning janubiy chegarasidagi noqonuniy muhojirlar oqimi bilan bog‘liq muammoga ishora qilib. - Chegaramizdagi xavf-xatar, milliy xavfsizligimiz inqiroziga e’tibor bermayapmiz. Ammo boshqa davlat chegarasini to‘liq himoya qilmoqdamiz va Rossiya bilan «vositachilik urushi» olib bormoqdamiz”.

"Menimcha, Bayden ma’muriyati va Kongress o‘z chegaralarimizni emas, balki Ukraina chegaralarini himoya qilishni moliyalashtirishdan nima uchun shunchalik manfaatdor ekanini Amerika xalqi va soliq to‘lovchilari bilishga loyiqdir", deya qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, Kiyevga ajratilgan yordam hajmiga ishora qilib, Ukraina AQShning 51-shtatiga aylanganmi, deya hayron bo‘ldi. "Biz Ukraina byudjetini ham moliyalashtirayotganimizni bilasizmi? Yordamga va to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjetni qo‘llab-quvvatlashga 11,8 milliard dollar ketyapti. Ukraina AQShning 51-shtatiga aylangan bo‘lsa, unda hukumatimizda Ukraina prezidenti qanday pozitsiyani egallamoqda?, deya taajjublandi respublikachi.