Ukraina va AQSh delegatsiyalari Rossiya bilan muzokaralar masalasini muhokama qiladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, hafta oxirida Ukraina va AQSh delegatsiyalari Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralarga tayyorgarlik masalasini muhokama qilish uchun uchrashadi.

«Bugun AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kellog bilan shu mavzuda suhbat bo‘lib o‘tadi, bu Rossiya tomoni bilan ehtimoliy uchrashuvga tayyorgarlik jarayonining davomi hisoblanadi. Hafta oxirida esa Ukraina va AQSh delegatsiyalari uchrashuvi rejalashtirilgan», deya Zelenskiyning so‘zlarini keltiradi «Interfaks-Ukraina».

Vashingtonda Yevropa yetakchilari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp navbatdagi qadam — Ukraina va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Kreml «muzokaralar darajasini oshirish»ga tayyorligini bildirdi, biroq Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning bevosita uchrashuviga aniq rozilik bildirilmadi.