Beshta tumanda “Erta rivojlantirish markazi” tashkil etiladi

Shu paytga qadar viloyatda kam ta’minlangan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun Toyloq pedagogika kolleji negizida “Erta rivojlantirish markazi” tashkil etilgan edi. Joriy yilda Toyloq, Ishtixon, Past Darg‘om, Bulung‘ur va Oqdaryo tumanlarida xuddi shunday markazlar ochiladi.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Ushbu markazlarga kam ta’minlangan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalar qamrab olinadi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zayniddin Jo‘rayev.

Tadbirda ta’kidlanishicha, yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan kam ta’minlangan ehtiyojmand oila vakillarining 5271 nafar farzandlari ota-onalarning oylik badal to‘lovidan ozod qilingan. Bir oiladan ikki va undan ortiq bolalarning ota-onalar to‘lovi 29 foizgacha kamaytirilgan.
O‘tgan yilda Investitsiya davlat dasturi asosida 27 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirilgan. Yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni esa 347 taga oshgan. Natijada 4170 ta yangi quvvat yaratilgan.