"Bilmay bosib chumolini, gunohimga so‘roq berdim"

Mahmud Toir 70 yoshda

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir 1952 yil 31 avgust kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Turli yillar «Yangi asr avlodi» nashriyoti, O‘zbekiston radiosi, «Parkent tongi» gazetasida faoliyat yuritgan.

Dastlabki she’riy to‘plami – «Ayt endi, yuragim» 1991 yil bosmadan chiqqan. Shundan keyin shoirning «Biz nechun uchrashdik?», «Muhabbat shevasi», «Oqib ketgan armonlar», «Barmoqlar bodasi», «Hakni tanib», «Yuz to‘rtlik», «Saylanma», «Otamning o‘kinchi», «She’r hikmati», «Yangi Toshkentnoma», «Bedorlarga bering dunyoni», «Uyg‘oq dil» «Armon tuni», «So‘z saodati», «Men oftobga alishmagan ayollar» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

«O‘zbekiston xalq shoiri» (2005) faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» (2001) va «El-yurt hurmati» (2017) ordenlari bilan mukofotlangan.

Hozirgi kunda Oliy Majlis Senati a’zosi, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari hamda «Adabiyot ziyosi» gazetasi bosh muharriri vazifasida mehnat qilmoqda.

"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari hamda Zarnews.uz sayti jamoasi ustoz shoirni tavallud ayyomi – qutlug‘ 70 yoshi bilan qutlaydi.
***
Momo yer


Shamollarning shokilasi daraxtlarning bo‘ynidadir,
Tog‘lar toshin dil izhori irmoqlarning o‘ynidadir,
Oshiq bulbul sir, xandasi g‘unchalarning qo‘ynidadir,
Aytar so‘zim suvratini, Momo yerim, o‘zing berding.

Maysalaring shivirlashdi, tizlar cho‘kdim, quloq berdim,
Bilmay bosib chumolini, gunohimga so‘roq berdim,
Vatan ne deb so‘rganlarga bir kaftgina tuproq berdim,
Menga Vatan siyratini, Momo yerim, o‘zing berding.

Turnalarning tumorlari Yaratganning o‘zidadir,
Kimki poklik axtaribdur, halol topgan tuzidadir,
Gar gunohi, savobi bor bandasining izidadir,
Pokdomonlik jur’atini, Momo yerim, o‘zing berding.

Quyosh ko‘kda sen deb yashar, oy boshingda o‘rgiladi,
Ko‘rdim har tun ming-ming yulduz etagingga nur eladi,
Chimdimgina loying bilan qaldirg‘och beshik beladi,
Bu dunyoning hayratini, Momo yerim, o‘zing berding.

Senda ungan har bir giyoh Yaratganga sano aytar,
Ko‘kka yetgan teraklar ham kuni bitsa senga qaytar,
Muhammadga ummat Mahmud kafti kuyib duo aylar,
Oshiqlikning qudratini, Momo yerim, o‘zing berding.
***
Oqqan daryo oqaveradi

Sen yo‘limni to‘sma, ey g‘anim,
Yantoq bo‘lib o‘sma, ey g‘anim,
Sokin daryo bu ko‘nglim manim,
Ishqim gulxan yoqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.

Men qoqilsam yer ko‘targaydir,
Erka bo‘lsam el ko‘targaydir,
Ojiz avval qo‘l ko‘targaydir,
Chayon zoti chaqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.

Sen ham bir bor yulduz bo‘lib ko‘r,
Tun bo‘lmagin, kunduz bo‘lib ko‘r,
Bir maysaga ildiz bo‘lib ko‘r,
Ko‘klam chechak taqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.

Haq so‘z jonim jarangi meni,
She’rim dilimning rangi meni,
To‘kur hasadning zangi seni,
Havas chaqmoq chaqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.

Sen kulmasang kulmaydi dunyo,
Men yig‘lasam yig‘laydi dunyo,
Bo‘yin bizga bo‘ylaydi dunyo,
Yaxshi elga yoqaveradi,
Oqqan daryo oqaveradi.