Bir bo‘lsak – xalqmiz, birlashsak – Vatan!
Birlashish, jam bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilish har qanday yutuqning kaliti ekanini birov bilar, birov bilmas. Ammo bunda katta hikmat, muvaffaqiyat borligini biz, mahalladoshlar yana ham yorqinroq bildik, ko‘rdik, his qildik.
Mustaqilligimizning o‘ttiz uch yillik shodiyonalari ham Prezidentimiz tashabbusi bilan «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida o‘tkazilgani bejiz emasligini angladik.
Qutlug‘ ayyom arafasida amalga oshirilgan “Open Budget” loyihasi orqali Past Darg‘om tumanidagi Kichik Nayman mahallasi aholisi ham o‘sha yakdillik asosida “Open Budget” loyihasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, qo‘shaloq bayramni nishonlamoqda. Albatta, bu g‘alabaning bosh omili mahalla ahlining birligida, ahilligida bo‘ldi. Yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, mahalladagi keksa-yu yosh, barcha o‘z mahallasi obodligi uchun, o‘z ovozini berdi.
- “Open Budget” loyihasi xalqimizning muammolari hal bo‘lishida ko‘makchi bo‘lmoqda. Qirq yillardan buyon qishda loy, yozda chang bo‘ladigan abgor yo‘llarimiz endi asfalt qilinadigan bo‘ldi. Barchasi bizning, qishlog‘imiz aholisining farovonligi uchun, bundan judayam mamnunmiz, - deydi mahalla faoli Olmos Muhammadiyev.
Darhaqiqat, ushbu loyiha orqali mahallamiz aholisi orzusi ushalmoqda. Bobosiga armon bo‘lgan, otasi orzu qilishga istihola qilgan o‘tmishdagi bu ro‘yolar, avlodlar hamjihatligida amalga oshmoqda. Albatta, o‘z ovozi bilan, o‘z mahallasini obod qilish rostdan ham avvallari bir ro‘yo edi. Inson qadri tamoyili asnosidagi bu imkoniyatlar aholining farovonligi xizmat qiladi. Zero, «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!».
Shuhrat Normurodov.