“Bir o‘q bilan ikki quyonni" urayotgan tadbirkor
Nurobodlik Saidumar Sodiqov kollejni tugatib, mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagach, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida oddiy ishchi, xo‘randalarga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘lib ishlay boshladi. Kunlar o‘taverdi, yillar o‘taverdi. Bu ishdan yigit kishining kosasi oqarmasligini his qildi. Ammo...
Samarqand shahridagi transport va kommunal xizmatlar ko‘rsatish kollejini tamomlab, tumanga qaytib kelib, 10 yil girgitton (ofitsant) bo‘lib ishladim, - deydi u. – Birim ikki bo‘lmadi, kunim o‘tardi, xolos. Ammo ketgan shuncha vaqtimga afsuslanmayman. Sababi, yaxshi-yomon odamlar orasida yurib, oq-qorani farqlashni bildim, ko‘zim ochildi. Men ishlagan o‘sha oshxona rahbaridan ozmi-ko‘pmi, tadbirkorlik sirlarini ham o‘rgandim.
Keyingi paytlarda mamlakatimizda ehtiyojmand oilalar sharoitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga ko‘maklashish borasida yaratilayotgan imkoniyatlardan Saidumar ham unumli foydalanishga harakat qildi.
- Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishiga ham qiziqishim bor, - deydi S.Sodiqov. – Shuning uchun ham tadbirkorlikni boshlash uchun osonroq, ya’ni avtoyuvish shoxobchasi ochish yo‘lini tanladim. Bunda menga mahalla faollari, asosan, yoshlar yetakchisi Oybek Abdug‘aniyev yaqindan yordam berdi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. Hokim yordamchisi ko‘magi bilan 33 million so‘mlik imtiyozli kredit olib, tadbirkorligimni boshlagan bo‘lsam, bir yil davomida yaxshigina daromad qildim. Olingan kredit mablag‘ini muddatidan oldin qaytarish imkoni borligiga amin bo‘ldim.
Bu yosh tadbirkor besh nafar ishsiz tengdoshining ham bandligini ta’minladi. Saidumarning uddaburonligini ko‘rgan mahalla faollari unga faoliyatini kengaytirish yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratishi mumkinligini aytishdi.
- Oshxona tizimida ishlab, orttirgan 10 yillik tajribamni ishga solgan holda “avtomoyka” yonidan muzqaymoq pavilonini tashkil qildim, - deydi u. - Uni umumiy ovqatlanish shoxobchasiga aylantirdim. Albatta, buning uchun ko‘proq mablag‘ kerak edi. Bankdagi kredit tarixim yaxshiligi uchun menga yana 100 million so‘m mablag‘ ajratildi. Har bir avtomobilni yuvishga kamida yarim saot vaqt ketadi. Ularning egalari, ya’ni haydovchilar kutish davomida oshxonamizda o‘tiradi. Istasa, yaxna ichimliklar, istasa, ovqatlarimizdan iste’mol qiladi. Xullas, “bir o‘q bilan ikki quyonni” uryapman.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (video).