Birinchi marta: Putin Kiyev bilan muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. “Qrim kimniki?” va Ukraina uchun tinchlik rejasini Tramp oshkor etadi. “Arman genotsidi”ni inkor etish uchun mushtlashuv

🔹 Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri birinchi marta ikki tomonlama muzokaralarni boshlash tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning tashabbusiga hozircha aniq javob bermagan, biroq Kiyev “har qanday tinchlik muzokaralariga tayyor”ligini alohida ta’kidlagan.

🔹 Isroil va HAMAS guruhi o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lgan Qatar va Misr vakillari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning yangi variantini taklif qildi. Taklif besh yildan yetti yillik sulh tuzish, Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik asirlar evaziga barcha garovga olingan isroilliklarni ozod qilish, urushni rasman tugatish va Isroilning G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishini o‘z ichiga oladi.

🔹 AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning Qrimni Rossiya hududi deb tan olishi haqidagi savolga javob berar ekan, bu haqda uch kun ichida batafsil aytishini ma’lum qildi va Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasining mazmunini oshkor qilishga va’da berdi. Bu reja o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan so‘ng Ukrainaga Yevropa qo‘shinlarini joylashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin.

🔹 Ukraina, Britaniya, Fransiya va AQSh vakillari ertaga, 23 aprel kuni Londonda uchrashib, Rossiya bilan urushni tugatish yo‘llarini muhokama qiladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining X tarmog‘idagi akkauntida ma’lum qildi.

🔹 Vatikanda Rim papasi Fransisk bilan vidolashuv marosimi boshlandi. Tramp va Zelenskiy 26 aprel kuni o‘tadigan dafn marosimida qatnashish uchun Vatikanga boradi. Rossiya marosimda ishtirokini ma’lum qilmagan.

🔹 Armaniston parlamentida “Fuqarolik shartnomasi” fraksiyasi a’zolari va “Armaniston” muxolifat bloki vakillari o‘rtasida mushtlashuvga aylangan janjal yuzaga keldi. Mojaro Armaniston fraksiyasi “arman genotsidi”ni inkor etishni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun loyihasi kiritilishini e’lon qilganidan keyin boshlangan.

🔹 Isroil havo kuchlari Eronga ehtimoliy zarba berishga tayyorgarlik ko‘rish uchun mashg‘ulotlarni boshlagani aytilmoqda. Bundan tashqari, Isroilning so‘nggi 24 soat ichida G‘azo sektoriga bergan zarbalari oqibatida kamida 29 kishi halok bo‘lgan.

🔹 Livandagi Hizbulloh harakati qurolsizlanish jarayoniga tahdid sifatida qaramaydi va faqat siyosiy va diplomatik kontekstda qurol uzatish masalasini muhokama qilishga tayyor. "Hech kim bizga kuch bilan tahdid qilgani yo‘q va qilmaydi ham. Barchasi muloqotda hal bo‘ladi. Biz prezident Jozef Aunga ham, Livan armiyasiga ham salbiy nuqtai nazarga ega emasmiz. Aksincha, biz aloqaga chiqishga va yechim izlashga tayyormiz", deb ta’kidladi "Izvestiya" manbasi.

🔹 Amerikalik millionerlardan olinadigan daromad solig‘ini 40 foizga oshirish 10 yil ichida AQSh g‘aznasiga taxminan 400 milliard dollar qo‘shishi mumkin. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlarda eng yuqori daromad solig‘i stavkasi 37 foizni tashkil qiladi.

🔹 G‘alayon sodir etganlikda ayblanayotgan Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yul ustidan sud jarayoni 2025 yil oxirigacha davom etadi. Sobiq prezidentni maksimal jazo: umrbod qamoq yoki mamlakatda 1997 yildan beri qo‘llanilmagan o‘lim jazosi kutmoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.