Birjada shakar ko‘paygach, narx tushishi kuzatilmoqda
So‘nggi kunlarda mamlakat bo‘ylab shakar narxi keskin oshishi kuzatildi. "O‘zbekiston tovar xomashyo birjasi" AJ axborot xizmatining xabar qilishicha, o‘tgan savdo kunida birja savdolariga jami 2 100 tonna shakar qo‘yilgan bo‘lib, ulardan barcha hajmi sotilgan. "Xorazm shakar" MChJ tomonidan 1 ming 200 tonna, «Angren shakar» MChJ tomonidan 900 tonna shakar sotilgan.
18 mart kungi ochiq birja savdolari natijalariga ko‘ra shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha kunlik narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 11 million 921,9 ming so‘mdan 10 million 101,3 ming so‘mgacha, 15,3 foizga pasaygan.
Shakar bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni 267 taga yetdi va bu 17 martga nisbatan 32 foizga, 1 martga nisbatan uch marotabaga ko‘paygan.
Shakarning xarid qilishda talab darajasidan kelib chiqqan holda, hududlar o‘rtasida mutanosib taqsimot shakllangan. Nisbatan yetakchilik qilgan hududlarga Toshkent shahri va Toshkent viloyati (30 foiz), Samarqand viloyati (12 foiz), Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari (10 foizdan), Andijon va Buxoro viloyatlari (8 foizdan) kirgan.
Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan shakarni birja savdolariga kunlik 2 000 tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda barchaga teng sharoitda 1 tonnalik lotlarda qo‘yilishini hamda bir savdo sessiyasida bir xaridor maksimal 20 tonna shakar sotib olishi ko‘rsatmasi berilgan.