Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi: "Birja savdolariga qo‘yiladigan shakar 30 foizga oshiriladi"

Shakar narxi ko‘tarilayotgani yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi izoh berdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, ichki bozorlardagi shakar mahsuloti narxi keskin oshishi asossiz yuzaga kelmoqda.

Chunki Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganligining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘q. Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etadi.

Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.

O‘zbekistonda ikkita – «Xorazm shakar» va «Angren shakar» MChJlarda joriy yil 15 mart holatiga 260 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud. Shundan, omborda 40 ming tonna tayyor shakar va 32 ming tonna xomashyo bor, iyun oyiga qadar 178 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.

Shunday bo‘lsa ham ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida birja savdolariga kunlik qo‘yiladigan hajm o‘rtacha 30 foizga oshirilmoqda.

Bundan tashqari hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda “Elga xizmat” rastalarida maqbul narxda shakar sotish topshiriqlari berilmoqda.

“Shakarga bo‘lgan narx asossiz oshirilishi natijasida vahimaga berilmasligingizni so‘raymiz”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tadbirkorlardan shakarga bo‘lgan narx-navoni asossiz oshirmaslikni va iste’molchilarga noqulaylik tug‘dirmaslikni so‘rab, asossiz oshirilgan narx-navo bo‘yicha qonunda javobgarlik belgilanganini ogohlantirdi.