Shirin “zahar” buncha qimmat?

Keyingi kunlarda bozorlarimizda un va shakarning narxi ancha oshdi. Oylar davomida berilgan bayonotlar, tashqi bozordagi narx-navolar bizga ta’sir etmasligi, zaxirada yetarli miqdorda mahsulot jamlangani haqidagi gaplar ro‘yodek go‘yo.

Xo‘sh, kundalik ehtiyojimiz uchun zarur bu mahsulotlar nega qimmatlashdi? Xususan, shakar narxi oshishining asl sabablari nimada?

Savollarga javob izlashdan oldin bozor va supermarketlar, savdo do‘konlaridagi shakar narxlariga e’tibor qaratamiz. 

Kecha, 10 iyun kuni Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori”ni aylanib, hech bir savdo do‘konida shakar sotilmayotganiga guvoh bo‘ldik.

- Bugun bozorga uchinchi bor kelishim, - deydi Cho‘ponota mahallasida yashovchi F.Ochilova. – Birinchi kuni murabbo va kompot tayyorlash uchun 5 kilogramm shakar sotib oldim. O‘shanda shakarning kilosini 16 ming so‘mdan, kecha esa 17 ming so‘mdan oldim. Mana, bugun hech bir do‘konda yo‘q...

Holatga izoh so‘rab, bozor rahbari Husniddin Asliyevga murojaat qildik.

- Bozor hududidagi narx-navoni imkon qadar nazorat qilamiz, - dedi H.Asliyev. - Ammo talabga yarasha taklif bo‘lgani bois har doim ham buning uddasidan chiqolmaymiz. Masalan, ikki-uch kun avval shakar aksariyat savdo do‘konlarida 13-14 ming, hatto 16 ming so‘mdan sotildi. Afsuski, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilarga “Mahsulotingni biz belgilagan narxda sotasan”, deya olmaymiz.

O‘zimizning “Siyob dehqon bozori” MChJ maxsus rasta tashkil qilib, bu yerda kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan o‘turdagi mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda sotyapmiz. Jumladan, viloyat hokimligi ko‘magida xarid qilingan shakarni birja bahosida - 10 500 so‘mdan sotuvga qo‘yganmiz. Lekin bunda cheklov bor. Har bir xaridorga 2 kilogramdan ortiq sotilmaydi. Kuniga 400 kilogramm shakar sotyapmiz. Hozirda zaxiramizda 80 tonna shakar bor. Bundan shahardagi mahallalarga fuqarolar yig‘iniga ham tarqatyapmiz.

Xuddi shunday “Temiryo‘l dehqon bozori”da 2 kilogramdan qadoqlangan shakarning kilosi 10 500 so‘mdan sotilyapti. Bozor rahbari G‘ayrat Akobirovning ta’kidlashicha, kechadan boshlab har kuni 400 kilogramdan shakar savdoga chiqarilgan.

Samarqand shahridagi  yirik savdo do‘konlaridan biri Korzinka.uz da shakarning 1 kilogrami 11 000 so‘mdan sotilyapti. Bu yerda ham 2 kilogramlik cheklov bor.

-  Bir haftada supermarketlardan 16 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha narxda shakar sotib olayotgan edik, - deydi Ali Qushchi mahallasida yashovchi xaridor Zuhra O‘rolova.  – Korzinkadan bir hafta deganda 11 000 so‘mdan 2 kilogramm shakar sotib oldim. Hamma navbatda turibdi. Navbatimiz kelganda shakar tugab qolgan paytlar ham bo‘lyapti.

Samarqand shahridagi “Mandarin” supermarketida bo‘lganimizda  shakarning 1 kilogrammi 17 ming so‘mdan sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.

 

Shakarning asosiy qismi o‘zimizda ishlab chiqarilayotgani haqida yaqinda mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlarda baralla aytishdi. Masalan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi shu yilning mart oyida shakar va un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hamda sotuvchi tadbirkorlarning 2022 yilgi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgani, Rossiya va Ukrainada shakar va bug‘doy eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekiston ichki bozorlaridagi ehtiyoj va narxlarga ta’sir qilmasligi haqida ma’lumot bergan edi. O‘shanda “Xorazmshakar” va “Angrenshakar” omborlarida 260 ming tonna shakar mahsuloti zaxirasi yaratilgani, iyun oyigacha yana 178 ming tonna xomashyo yetkazib berilishi ma’lum qilingandi. Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida birja savdosiga qo‘yiladigan shakar hajmi 30 foizga oshirilganini e’lon qilishgandi.

Xuddi shunday, tashqi bozordagi holat, masalan, Rossiya va Belarusdagi shakar eksportiga cheklovlar bizning bozorga ta’sir qilmasligi haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham bayonot bergandi.

Ammo yaqinda, narxlar osha boshlagan iyun oyi boshida Statistika qo‘mitasi “Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo‘shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo‘lmaydi”, deya bayonot berdi. Xullas, bildikki, ochiq mamlakat uchun tashqi dunyodagi holatning ta’siri bor va bo‘lmaydi deb aytishning o‘zi xato ekan.

Ammo shunga qaramay, yaqinda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi baribir shakar tanqisligi yo‘q deya e’lon qildi. Shakar narxi oshayotgani yuzasidan esa quyidagicha ma’lumot berdi:

“Respublikada shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan to‘yintirish bo‘yicha barcha zaxiralar yaratilgan. Jumladan, shakarga bo‘lgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservatsiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50 foizgacha oshiriladi. Birjadagi savdolarga qo‘yilayotgan shakar hajmi amaldagi 2000 tonnadan 3000 tonnagacha ko‘paytiriladi”.

Ushbu bayonotlarning ayrimlarida narx-navo ko‘tarilishiga tashqi omillarning ta’siri yo‘qligini anglash mumkin bo‘lsa, ayrimlarida tashqi bozor bizga ham ta’sir qilmay qolmasligi aytiladi. Oldimizda esa bir necha savollar paydo bo‘ladi: Narx tobora ko‘tarilib borayotgani, mahsulot taqchil bo‘lib qolganini qanday tushunish mumkin? Ichki bozorimiz 100 foiz ta’minlangan, mahsulot yetarli bo‘lsa, narx nega qimmatlashyapti? Nega bozoru rastalarda shakar yo‘q bo‘lib qoldi? Narx-navoning o‘sayotganida, eng avvalo, inson omili, jumladan, shakar biznesi bilan faqat ma’lum doiradagi shaxslar shug‘ullanayotgani sabab emasmikan? 

Darvoqe, sarlavhada shakarni “shirin zahar”, dedik. Rostdan ham olimlar shakarning inson organizmiga 70 dan ortiq zararli xususiyatlarini aniqlagan va isbotlagan. Shakarni surunkali me’yoridan ortiq iste’mol qilish immun tizimni susaytiradi hamda terining erta qarishi va elastikligi pasayishini, toshmalarni chaqiradi.

Ammo bugun “shirin zahar”ning narxi ham zaharday bo‘ldi. Buning oldini olish uchun narx-navoni sun’iy oshirayotgan soxta tadbirkor, olibsotarlarning noqonuniy faoliyatini jiddiy nazorat qilish, sohada vujudga kelgan muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish kerak emasmi? Agar yuqorida aytilganidek, shakar zaxirasi mavjud bo‘lsa, bugungi taqchillik va qimmat narx zamirida, shubhasiz, sun’iy to‘siqlar yotibdi. Ularni yo‘qotishda esa mas’ul idoralar xodimlari jiddiy ishlashi shart.

Akram Haydarov,

Fazliddin Ro‘ziboyev.