Shakar narxi oshadi(mi)? Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi izoh berdi
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi shakar mahsuloti davlat nazoratidan chiqarilgani, endi shakar muhim xalq iste’moli tovarlari ro‘yxatidan o‘chirilgani, bu esa endi shakar bahosini bozorning o‘zi belgilashini anglatishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, shakar narxining oshishiga bozor iqtisodiyoti sharoiti va shakar mahsulotining savdosiga taalluqli bo‘lgan qonunchiliklarga kiritilgan oxirgi o‘zgartirishlar albatta, o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
"Respublikamizdagi mavjud ikkita ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan shakar mahsuloti asosan dilerlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan. Mahsulotning atigi 10 foizi birja orqali yetkazib berilar edi. Bundan tashqari, 2014 yilgacha shakarni import qilishda bitta korxonaga preferensiya berilgan edi. Ya’ni, korxona barcha turdagi bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan. Shuning uchun shakarning importi bilan faqat ushbu korxona shug‘ullangan.
2018 yilgacha shakarning narxi davlat tomonidan belgilanardi. Lekin shakar faqat korxonalarning soni cheklangan dilerlari orqali sotilishini inobatga olib, iste’molchilarga ushbu mahsulot tegishli ustamalar qo‘llangan holda erkin narxlarda sotilardi. Shuni ta’kidlash joizki, shakar ishlab chiqaruvchilarning dilerlari hisoblanmagan ulgurji iste’molchilarga mahsulot davlat tomonidan belgilangan narxlarda sotilmas edi".
Shakar bozorida shakllangan ushbu holatning salbiy tomonlari ko‘p edi. Masalan, shakarni davlat narxida xarid qilishga “eksklyuziv huquqi mavjud bo‘lgan dilerlar” tomonidan xohlagan narxda iste’molchilarga qayta sotish imkoniyatining mavjudligi shular jumlasidandir.
Bu imkoniyatdan asosan mavsum paytida (shakar mahsulotiga talab yuqori bo‘lgan davrda) foydalanish holatlari uchrab turgan. Ya’ni, dilerlar tomonidan shakarning sun’iy ravishda tanqisligi yuzaga keltirilib, yakuniy iste’molchilarga erkin sotib olish imkoniyati cheklangan holda shakarning narxi oshirib sotib kelingan. Masalan, shu kabi holat 2014 yil mavsumi davrida (aprel-iyul oylarida) kuzatilgan, ya’ni davlat tomonidan belgilangan narx 2300 so‘m bo‘lgan bir paytda, narx savdo do‘konlarida 6000 so‘mgacha (2,6 baravar) ko‘tarilib ketgan.
2017 yilda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar faoliyati to‘xtatildi.
Shu bilan birga, 2017 yil sentyabr oyidan boshlab shakar va shakar xom ashyosini importdan olib kirishda tadbirkorlar barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etildi. 2018 yildan boshlab davlat tomonidan shakarga narxlarni belgilash talabi bekor qilindi. Bu o‘z navbatida, bozor shakar mahsulotiga to‘yinishiga va kuchli raqobat sharoitida shakarning narxi barqarorlashishiga olib keldi.
2019 yilda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar faoliyati tiklandi. Bunda tayyor shakar va shakar xom ashyosining importi barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilganligini inobatga olib, ishlab chiqaruvchi korxonalar va importyorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat vujudga kelib, narxlar bir maromda shakllandi (4900-5200 so‘m).
2020 yil 1 yanvardan boshlab, tayyor shakar mahsuloti importiga bojxona to‘lovlari (aksiz solig‘i 20 foiz va bojxona boji 20 foiz) joriy qilindi. Ta’kidlash joiz bo‘lgan tomoni, bu kiritilgan talablar shakar xom ashyosiga nisbatan tatbiq etilmadi. Ya’ni, “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar shakar xom ashyosini import qilishda ushbu to‘lovlarni to‘lamaydi.
Bu holatda “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlarga berilgan preferensiya hisobiga boshqa korxonalar importdan keltirilgan shakarning narxi jihatidan ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlasha olmasligi aniq.
O‘z navbatida, ishlab chiqaruvchi sifatida monopol mavqeini saqlab turgan “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlar ustuvor imkoniyatlardan foydalanib, ushbu mavqeni suiiste’mol qilishi ehtimoli yo‘q emas. Qolaversa, 2019 yilda ushbu korxonalar shakar mahsulotining taxminan 10 foizini birja orqali, qolgan 90 foizini dilerlar orqali sotib kelgan. Bu o‘z navbatida, dilerlarga yuqorida keltirib o‘tilgan “imkoniyatlarni” erkinlashtiradi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi – mahsulotning aksariyat hajmini birja orqali sotilishi nimani beradi? Birinchidan, faqat “cheklangan dilerlar”ga sotilishi va faqat ular orqali qimmatroq narxdan qayta sotilishining (spekulyasiya) oldi olinadi. Ikkinchidan, birja savdolari orqali barcha turdagi iste’molchilar, shu jumladan, dilerlarning ham hech qanday cheklovlarsiz mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Shuning uchun, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PQ-4484-sonli qaroriga muvofiq, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar hajmining 90 foizi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida, barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda realizatsiya qilinishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu mexanizmning joriy qilinishi shakar narxining davlat tomonidan nazorat qilinishi to‘xtatildi, degani emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386-sonli qaroriga muvofiq shakar mahsuloti hanuzgacha ijtimoiy ahamiyatga ega va strategik mahsulot hisoblanadi.
Bu o‘rinda, Monopoliyaga qarshi organ Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qarori talablari asosida, shakar mahsuloti narxining (shu jumladan birjadagi boshlang‘ich narxini) monopol yuqori darajada belgilanmasligi yuzasidan, shuningdek, birja savdolarida shakar hajmining bir me’yorda qo‘yilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, haqiqatdan ham shakar narxining oshishi ehtimoli mavjudligi o‘rinli. Lekin bunga sabab shakarning ochiq birja savdolari orqali erkin sotilishi emas, balki 2020 yil 1 yanvardan boshlab tayyor shakar mahsuloti importiga bojxona to‘lovlari joriy qilinganligidir.
Bojxona to‘lovlari joriy qilinishi haqidagi qarordan so‘ng tadbirkorlar va iste’molchilar tomonidan shakar mahsulotini oldindan g‘amlab qo‘yganligi sababli bozorlardagi narx ham o‘zgarmasdan barqaror saqlanmoqda. Shuningdek, kunlik birja savdolariga qo‘yilayotgan o‘rtacha 1900 tonna mahsulotdan 15-20 foizi sotilayotganligi buning yaqqol dalilidir. Jamg‘arilgan shakar miqdori tugashi bilan tadbirkorlik sub’yektlari ham yangi kiritilgan bojxona to‘lovlari bilan import qilishiga to‘g‘ri keladi va narxlar mutanosib ravishda oshishi ehtimoli katta, shuningdek, birja savdolariga qo‘yilgan shakar hajmlari sotilishi ham orta boshlaydi.
Yana bir ahamiyatli jihati, respublikamizda faoliyat yuritib kelayotgan ushbu ikkita shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan birlamchi xom ashyo chuqur qayta ishlanmaydi, balki chet eldan yarim tayyor xom ashyo import qilinib, shakar ishlab chiqariladi.
2018 yilda import qilingan 1 tonna shakar xom ashyosining o‘rtacha narxi 389 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, tayyor shakar mahsuloti esa 425 AQSh dollariga teng. Ya’ni, o‘rtacha farq 36 AQSh dollaridir. Shuningdek, 2019 yilda shakar xom ashyosining o‘rtacha narxi 418 AQSh dollarini va tayyor shakar 435 AQSh dollarini tashkil qilib, o‘rtacha farq 17 AQSh dollarini tashkil etgan. Ko‘rinib turibdiki, valyutani iqtisod qilish nuqtai nazaridan ham katta samara mavjud emas, balki ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan shakarning import narxi oshadi va o‘z navbatida, import hajmi qisqaradi. Bu esa “Xorazm shakar” va “Angren shakar” AJlarning monopol mavqei ko‘chayishiga olib keladi.
Yuqoridagilarni hamda shakar mahsuloti ijtimoiy ahamiyatli tovarlar turiga kirishi va aholining kunlik ehtiyoji uchun zarur mahsulot hisoblanishini inobatga olib, tayyor shakar uchun joriy etilgan import bojxona boji va aksiz solig‘ini bekor qilish masalasini tashqi savdoni tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha Respublika Kengashining yig‘ilishida ko‘rib chiqish taklifi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kiritildi.
Shakarning MDH mamlakatlaridagi 2020 yil 1 yanvar holatiga o‘rtacha chakana narxlar: O‘zbekiston – 5800 so‘m, Qozog‘iston – 4720 so‘m, Qirg‘iziston – 5670 so‘m, Tojikiston – 6100 so‘m, Rossiya – 4850 so‘m, Belorusiya – 4900 so‘m".