Bog‘chalarda qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatiladi

«Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida qo‘shimcha pullik ta’lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan quyidagilar bo‘yicha qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin:

  • dam olish kunlari va maktabgacha ta’lim muassasasida ish kuni yakunlangandan keyin bolani parvarishlash, unga qarab turish, uni o‘qitish;
  • o‘quv dasturdan tashqari sport-sog‘lomlashtirish (karate, taekvondo, suzish, shaxmat, shashka, gimnastika, massaj va boshqalar) to‘garaklari, badiiy-estetik (xor, raqs, tasviriy san’at va hokazolar) to‘garaklar, fanlar bo‘yicha to‘garaklar (chet tillari, matematika, aqliy arifmetika, mantiq, informatika va boshqalar).

Mazkur hujjatga ko‘ra, qo‘shimcha xizmatlarning narxlar preyskuranti maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Maktabgacha ta’lim muassasasida tashkil etilgan qo‘shimcha xizmat ko‘rsatuvchi guruhlarga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinishi mumkin.

Buning uchun farzandi qo‘shimcha xizmat ko‘rsatuvchi guruhlarda tarbiyalanishini istagan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tegishli maktabgacha ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat qiladi hamda ular o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Qo‘shimcha xizmat ko‘rsatuvchi guruhlarda bolalarning soni 25 nafardan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.