Bojxona postlaridagi “yashil” va “qizil” yo‘lakli tizim qanday samara bermoqda? Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni olib kirish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini bilasizmi?

Bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan ayrim yo‘lovchilar tomonidan bojxona qonunbuzilish holatlari kuzatilayotgani achchiq haqiqat. Viloyat bojxonachilari “Kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ma’qul”, degan naqlga amal qilgan holda aholi bilan joylarda profilaktika suhbatlarni olib bormoqda.

Xususan, “Jartepa” chegara bojxona posti hamda davlat xavfsizligi xizmati chegara qo‘shinlari xodimlari hamkorligida Urgut tumanidagi Boybo‘l mahallasi aholisi bilan davra suhbati o‘tkazildi. Unda ko‘tarilgan masala qanchalar dolzarbligi va bugungi kundagi ahamiyati xususida gapirildi. 

Shundan so‘ng bojxona posti xodimlari yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2021 yil 1 yanvardan boshlab, barcha chegara bojxona postlarida “yashil” va “qizil” yo‘lakli tizim joriy etilgani, shundan kelib chiqib chegara nazorati tartib tamoyillari yengillashgani, shuningdek, shaxsiy ehtiyoji uchun tovarlarni olib kirish me’yorlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib chiqish tartibi haqida tushunchalar berdi.

 Shunday tadbir “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida “Sankt-Peterburg-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys yo‘lovchilari bilan ham o‘tkazildi. Unda bojxonachilar fuqarolarga qonunchiligimizda O‘zbekiston Respublikasiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tishdi.

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.