Brendlarga mukkasidan ketish oqilona qaror emas
Ammo nega odamlar nomdor narsaga ega bo‘lishni istaydi?
Nomdor kompaniyalar reytingi doim munozaralarga sababchi bo‘ladi. Bir qarashda bu reytinglar ahamiyatsizday tuyulsa-da, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar brendi juda qimmat ekanligi odamlarni hayron qoldiradi.
Bu holatni iqtisodchilar mahsulot sifati bilan emas, uning nomdor brendligida ekanligi bilan izohlashadi. Ya’ni, xaridor mahsulot uchun emas, balki brend uchun pul to‘laydi.
Qimmat brendlar o‘z imijini yaratish uchun katta mablag‘ sarflaydi. Chunki uzoqni ko‘ra bilgan mohir kompaniyalar eksklyuzivlik tuyg‘usini yarata olgan. Marketologlar buni “premium aldanish” deb ataydi. Odamlar “maxsus” narsalarni sotib olishayotganini his qilgan holda ular uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor.
Brendning tarixi ham katta ahamiyatga ega. Uzoq an’analarga ega kompaniyalar odamlarning ishonchini qozonadi. Ba’zida mashhur kishilar ularni qo‘llab-quvvatlaydi va ular ma’lum bir brendni tanlagan payti ushbu mahsulotning qiymati avtomatik ravishda oshadi. Psixologlar odamlarning buyum oddiy bo‘lsa ham ramzga aylangan nomdor brendlarga intilishi ko‘p gapirishadi.
Qizig‘i, qimmatbaho brendlar kamdan-kam hollarda narxlar bahsida qatnashadi. Sababi ular elita tuyg‘usi uchun ham yuqori narxlarni saqlab turadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mashhurlik - marketing, dizayn, obro‘ va hissiy ta’sir uchun kurashning natijasi. Ba’zida brendlarni innovatsiyalar mashhur qiladi, e’tiborni tortadigan yangi texnologiyalar qiziqish to‘lqinini yaratadi. Lekin ishonch hal qiluvchi omil bo‘lib, odamlar o‘zlari ishongan, bilgan, sinagan narsalarni tanlaydi. Buni anglagan brendlar yillar davomida yuqori pog‘onada qoladi. Ko‘pincha yuqori narx sifatni kafolatlaydi, deb o‘ylaydigan xaridor qimmat narsalarni tanlaydi.
Brendlarga mukkasidan ketish oqilona qaror bo‘lmasa-da, odamlar shunchaki mahsulotga emas, balki biror kattaroq, nomdor narsaga ega bo‘lishni istaydi, deydi mutaxassislar.