"Bu Arab davlatlari ligasiga qo‘shilishga urinish bo‘lishi mumkin": Suriya prezidenti 12 yil ichida birinchi bor Ummonga tashrif buyurdi
Suriya prezidenti dushanba kuni 12 yil ichida birinchi marta Ummon sultonligiga tashrif buyurdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, 6 fevral kuni sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan so‘ng rasmiy Damashq arab davlatlari bilan yaqinlashishga urinishini oshirgan.
Tinch, ammo diplomatik sahnada muhim vositachi Ummon 2011 yilda fuqarolar urushi boshlanganidan beri Damashq bilan doimiy diplomatik aloqalarni saqlab kelgan kamdan-kam Fors ko‘rfazi davlatidir.
Uchrashuvda Ummon rahbari sulton Haysam Bashar al-Assadni “tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda birodarlarni qo‘llab-quvvatlashga” tayyorligiga ishontirdi.
Ikki davlat yuqori martabali rasmiylari tashriflari avval ham bo‘lgan, biroq bu yuqori darajadagi birinchi rasmiy uchrashuvdir.
Chunki Suriya 2011 yil oxirida namoyishlarni zo‘ravonlik bilan bostirish tufayli Arab davlatlari ligasidan chiqarib yuborilgan edi.
2018 yil oxiriga kelib Birlashgan Arab Amirliklari Damashqdagi elchixonasini qayta ochdi. 2022 yil mart oyida esa Bashar al-Assad arab davlatlaridan biriga birinchi tashrifini amalga oshirdi va Abu-Dabida amaldagi prezident Muhammad bin Zoid tomonidan qabul qilindi.
Tahlilchilar fikricha, Asad tabiiy ofat oqibatlari hissiyoti va xalqaro birdamlikdan foydalanib, diplomatik izolyasiyadan chiqishga intilmoqda. Buni Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sissiy 7 fevral kuni birinchi marta suriyalik hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilganida ham ko‘rish mumkin.
O‘tgan shanba kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal bin Farxon "kvo-status (oldingi holatga qaytish) Suriyada ishlamayotgani, arab dunyosiga esa “konsensus” (hamjihatlik) kerakligini aytgan.