Suriyada Asad ag‘darilgandan keyingi ilk parlament saylovlari o‘tkaziladi

Suriyada Asad rejimi ag‘darilgandan keyingi ilk parlament saylovlari joriy yil 5 oktyabrda bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, kecha mamlakatning vaqtinchalik prezidenti Axmad ash-Sharaa AQShga rasmiy tashrif buyurdi — bu so‘nggi 58 yilda suriyalik rahbarning ilk safari hisoblanadi.
Joriy yil mart oyida ash-Sharaa o‘tish davri uchun konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi. Unga ko‘ra, vaqtinchalik parlament vakolatlari dastlab uch yilga belgilangan. Keyinchalik u qayta saylanishi mumkin. Shu bilan birga, parlament davlat rahbarini vakolatdan chetlatish yoki uning vakolatlarini cheklash huquqiga ega bo‘ladi. Biroq boshlang‘ich bosqichda oliy ijroiya hokimiyat faqat prezident qo‘lida bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Bashar Asad 2024 yil 8 dekabrda muxolifat qurolli kuchlari Damashqqa kirib kelganidan so‘ng prezidentlik lavozimini tark etib, mamlakatni tashlab chiqqan edi. Uning hukmronligi davrida o‘tkazilgan saylovlarda ko‘plab qoidabuzarliklar kuzatilgan va natijalar G‘arb davlatlari hamda muxolifat tomonidan tan olinmagan.