Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlari soni 33 mingdan oshdi

Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja ma’lum qilishicha, zilzila qurbonlari soni 24 617 nafarga yetgan.

Suriyada esa zilzila oqibatida 4500 dan ortiq odam halok bo‘ldi, deb yozadi "Al-Jazeyera". Yana bir nashrga ko‘ra, qurbonlar soni 5200 nafardan oshgan.

6 fevral kuni Turkiya va Siriya chegarasida 7,7-7,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. 11 fevral oqshomida seysmologlar 2100 dan ortiq yerosti silkinishini qayd etgan.

Ayni paytida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Suriya shimoli-g‘arbida gumanitar yuklarni yetkazib berish bilan bog‘liq o‘ta qiyin vaziyat yuzaga kelgan. BMT bu hududlarni nazorat qilayotgan radikal isyonchi guruhlar tomonidan xalqaro insonparvarlik yordamiga to‘siqlar bo‘layotganini aytmoqda.

Yakshanba kuni Yevropadan Suriyaga birinchi yuk yetib kelgan: Italiya Suriya Qizil Xoch tashkiloti yordamida Livan chegarasi orqali yordam yubordi.

Turkiya Adliya vazirligi qurilish qoidalarini buzganlikda 131 kishi gumon qilinib, tergov ostida ekanligini, kamida 12 gumondorning hibsga olinganini bildirdi.

Deyarli bir hafta o‘tganiga qaramay, so‘nggi soatlarda bir necha kishi vayronalar ostidan omon chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Qutqaruvchilar hamon bor e’tiborini faqat shunday operatsiyalarga qaratgan.

Hukumat yordam qo‘lini cho‘zish uchun bu yerga o‘z mutaxassislarini yuborgan barcha davlatlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilayotganini aytadi.

Ammo ayni damda vaziyat juda murakkabligicha qolmoqda, ko‘plab yo‘llar va ko‘chalar butunlay to‘sib qo‘yilgan. Hali minglab odamlar vayronalar ostida.