O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga eksport qilish istiqbollari o‘rganilmoqda

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va to‘qimachilik sohasida mamlakatimizdagi yirik kompaniyalar vakillarining Saudiya Arabistoniga biznes-missiyasi tashkil etilgan.

Mamlakatimiz delegatsiya a’zolari Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasida (RSSP) ishbilarmon doira vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar, davra suhbatlari va «B2B» shaklidagi muzokaralar o‘tkazilgan.

Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasining To‘qimachilik qo‘mitasi raisi Musaid bin Hamad al-Yah’yo mamlakat to‘qimachilik yo‘nalishida katta bozorlardan biri ekanini va saudiyalik yirik ishbilarmonlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdorligini bildirgan.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarining ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

"Dunyo" axborot agentligiga ko‘ra, ko‘rgazma yakunida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari o‘zaro amaliy safarlarni amalga oshirish, tijorat takliflarini ishlab chiqish va mamlakatimiz mahsulotlarini Saudiya Arabistoni bozorlariga eksport qilish masalalarini kelishib olingan.