Arab koalitsiyasi Yaman poytaxtidagi terrorchilar joylashib olgan manzillarni o‘qqa tutdi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi kecha, 17 yanvar kuni shialarning «Ansor Alloh» (husiylar) harakatining BAA hududiga bergan zarbalariga javoban Yaman poytaxti Sana shahrining ayrim joylarini bombardimon qildi.

Birlashgan Arab Amirliklaridagi Sky News Arabia telekanali iqtibos keltirgan koalitsiya bayonotida havo hujumlari “tahdidga javob va harbiy zarurat” deb atalgan. Hujumda “terrorchilar yetakchilari”ni nishonga olingani aytilmoqda.

“Koalitsiya havo kuchlari Sana osmonida kechayu-kunduz operatsiya o‘tkazmoqda... Biz tinch aholini harbiy lager va husiylar yig‘inlaridan uzoqroq bo‘lishga chaqiramiz”, deya koalitsiya so‘zlaridan iqtibos keltirgan telekanal.

«Ansor Alloh» nazoratidagi «Al-Masira» telekanali xabar berishicha, hujum oqibatida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, besh kishi jarohatlangan.

Kecha ertalab Abu-Dabidagi ADNOC neft kompaniyasining yonilg‘i omborlari yaqinida uchta yoqilg‘i baki portlashi oqibatida 3 kishi - bir nafar pokistonlik va 2 nafar hindiston fuqarosi qurbon bo‘ldi, yana 6 kishi jarohat oldi. Dastlabki xulosaga ko‘ra, hodisaga uchuvchisiz samolyotlar zarbalari sabab bo‘lgan.

Yaman shimolida hukmronlik qilayotgan «Ansor Alloh» shia harakati keyinchalik Abu-Dabi va Dubay aeroportlarini minalangan uchuvchisiz samolyotlar yordamida bombardimon qilganini tasdiqlab, BAAning strategik ahamiyatga ega ob’yektlariga yangi hujumlar uyushtirish bilan tahdid qilmoqda.

2014 yil avgust oyidan beri Yamanda hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasidagi qurolli qarama-qarshilik avjida. Shuningdek, 2015 yildan beri hukumat tomonidan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari boshchiligidagi arab koalitsiyasi jang qilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari avvalroq Yamandagi harbiy operatsiyalar to‘xtagani haqida e’lon qilganiga qaramay, ular Yaman portlaridagi harbiy bazalarda o‘z harbiylarini qoldirgan. Keyingi haftalarda BAA hukumat tomonda Yamanning bir qancha viloyatlarida husiylarga qarshi janglarda, jumladan janubi-sharqiy Shebva viloyatida hukumat nazorati ostidagi hududlarni qaytarib olishda ishtirok etdi.