Xitoylik ekspert: «Saudiya Arabistoni milliy neft kompaniyasining yuanga o‘tishi "portlash" bo‘ladi»
Saudi Aramco neft-gaz kompaniyasining Xitoy bilan savdoda dollar o‘rniga yuanga o‘tishi neft bozori uchun “haqiqiy portlash” bo‘lib, zamonaviy moliya tizimi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi, deydi Shanxay universiteti xalqaro moliya va savdo fakulteti dekani Chjan Yuyguy "Xuansyu shibao" gazetasida bosilgan maqolasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, OAVda Saudiya Arabistoni Xitoy bilan neft bo‘yicha bitimlarni hal qilishda yuandan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani hamda Rossiya va Hindiston o‘rtasida “rupiy – rubl” savdo to‘lovi mexanizmini yaratish bo‘yicha muloqotdan so‘ng G‘arb jamoatchiligi jahon neft bozorida dollar gegemonligi zaiflashishi haqida fikr yurita boshladi.
Yuyguyning aytishicha, agar 350 milliard dollardan ortiq daromadga ega Saudi Aramco kompaniyasi Xitoy bilan dollardan yuanga savdo qilishga o‘tsa, global energiya tovar savdosi bozoriga ta’sir qiladi. "Bu haqiqiy portlash bo‘ladi. G‘arb ommaviy axborot vositalaridagi bunday bashoratlar esa ko‘proq oldindan tayyorlangan signal testlariga o‘xshaydi", deya ta’kidladi ekspert.
Ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, bir mamlakatning xalqaro valyutasining dominant aylanishi odatda 100 yil atrofida bo‘ladi. “Agar bu fikr to‘g‘ri bo‘lsa, 1944 yilda Bretton-Vuds tizimi (1944 yil 1 iyuldan 22 iyulgacha bo‘lib o‘tgan Bretton-Vuds konferensiyasi natijasida tashkil etilgan valyuta munosabatlari va savdo hisob-kitoblari tashkil etishning xalqaro tizimi)ning yaratilishidan boshlab dollarning gegemon dividendlar sikli tugashiga juda oz vaqt qoldi”, dedi u.
Mutaxassis AQSh dollarini jahon iqtisodiyotining “markaziy asab tizimi”ga muvaffaqiyatli o‘rnatgan va undagi “hukmron kuch”ga aylantirgan “neft-dollar” tizimi 1973 yildan boshlanganini eslatdi. “Valyuta o‘z aybi bilan yo‘q bo‘lib ketishga mahkum”, ya’ni valyuta kuchi haddan tashqari «shishirilsa», bu oxir-oqibat global valyuta tizimidagi muqarrar o‘zgarish va muvozanatsizlikka olib keladi", deb yozadi Yuyguy.
Uning fikricha, qisqa muddatli istiqbolda, dollar uchun asosiy muammo Qo‘shma Shtatlar uchun mavjud tizimni saqlash xarajatlarining oshishi bo‘ladi. Milliy kuchning nisbiy pasayishi tufayli esa Yaqin Sharqdagi bir qancha yirik neft qazib oluvchi mamlakatlar talabini hisobga olgan holda Amerika uchun bir vaqtning o‘zida ularni qondirish qiyin bo‘ladi.
Yuyguyning fikriga ko‘ra, uzoq muddatli istiqbolda Qo‘shma Shtatlar, ehtimol, XXI asrning o‘rtalariga kelib dunyoning eng muhim iqtisodiyoti bo‘lishni to‘xtatadi. Bu muqarrar ravishda yangi pul saltanati markazlarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu vaqtga kelib, dunyoda uch tomonlama yoki hatto ko‘p tomonlama valyuta balansi modeli paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, deya xulosa qiladi ekspert.