NIMALAR YO‘Q XITOYDA?

Menga do‘stlar Xitoyda – 

Hamma narsa bor, degan. 

Qayda, borib kuzatsam, 

Ko‘p narsalar yo‘q ekan.

Ne’matni isrof qilish

Mutlaqo yo‘q Xitoyda. 

Bo‘lgan uchun tejamkor 

Odamlari xo‘p boy-da! 

Katta to‘y qilmas bunda, 

Qarzga ham botgani yo‘q. 

Charchamas hech mehnatdan, 

G‘aflatda yotgani yo‘q. 

Dastalab pul sochmaskan  

Qo‘shiqchining boshidan. 

"Qistir-qistir"ni bilmas

Hatto qari, yoshi ham. 

Choyning vatani – Chinda 

Topolmadik «Choyxona». 

"Zormanda" sotilguvchi  

Yo‘q birorta mayxona.

Hammasi ixcham, chaqqon, 

Qorni katta kimsa yo‘q. 

Shirakayf bo‘lib yoxud 

Bir-biriga urmas do‘q.

G‘iybatlashgan ko‘rmadim, 

Bekordan Xudo bezor. 

Dilni og‘ritmas hech kim, 

Yurgaysiz chekmay ozor.

Yo‘laklar ham sarishta, 

Iflos qilmas biror kas. 

Yo‘lakka chiqindi yo 

Nos tupurib tashlamas.

Uchramas hech bekorchi, 

Lanj odamni ko‘rmadim. 

Men bor-yo‘g‘i bir sayyoh, 

Kuzatdim, tinch yurmadim. 

Yutub kanalin ko‘rsang, 

Qo‘ydi-chiqdi, janjal yo‘q. 

Yumdalashmas bir-birin, 

To‘qmog‘i yo‘q, xanjar yo‘q. 

Biror muammo chiqsa, 

Dod solish yo‘q, hayqirmas. 

Bo‘lar-bo‘lmas ishlarga, 

Vaqt sarflamas, qayg‘urmas. 

Ijtimoiy tarmog‘i

Madh etadi Vatanni. 

Mehnatu zahmat chekish 

Bunda har inson sha’ni. 

Ko‘chada mashinalar

Bir-biriga urilmas. 

Barcha joyda tartib, lek

Mirshablari ko‘rinmas. 

Hamma yayov yurgaydir, 

Velosiped  - ulovi. 

Cho‘pdan mashina yasar, 

Topilsa bas, qalovi.

Tinim bilmas ayollar, 

Kim tikkan, kim to‘qiydi. 

Chinniga aylanar loy, 

Sirtida naqsh o‘qiydi. 

Bir narsadan bir narsa, 

Yaratishar erta-kech. 

Bilib qilar ishini, 

Huzurni o‘ylamas hech. 

Yurishmas chuvalashib, 

Majlisbozliklar anqo. 

Odamlari chamanda

Xayol surarkan tanho. 

Oilaviy nizoga 

Yo‘q ekan aslo vaqti. 

Qo‘ydi-chiqdi kamligi – 

Xitoyliklarning baxti! 

Odamlar orasida 

Eshitmadim g‘iybat gap. 

Xitoyliklar bilarkan, 

Qaysi ishdan kelar naf. 

Korrupsiya botqog‘i 

Sezilmadi bu yurtda. 

Pora olib qo‘ysa kim – 

Otib tashlarkan shartta. 

Otish uchun o‘qni ham 

Olar, tavba, uyidan. 

Shu tarz haromxo‘rlikni, 

Yo‘qotarkan o‘yidan.

*  *  *

"Bu gaplaring ne kerak?", 

Demang, sira bizlarga. 

Havas bilan, ne qilay, 

Aytgim keldi Sizlarga. 

Hamma joyda tartib bor, 

Tartib bor Quyosh, Oyda. 

Yaxshi ishni, do‘stlarim, 

O‘rganganimiz foyda. 

To‘lqin EShBEK.

Xitoy. Shensi viloyati. Sian shahri.