Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va qayta tiklashda Xitoyning Futszyan provinsiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

Xitoy Xalq Respublikasi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Samarqanddagi xalqaro turizm akademiyasida viloyat hokimligi mas’ullari, madaniy meros ob’yektlari mutasaddilari va Chjao Lun boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borilayotgani, jumladan, 2023 yilning dekabr oyida Samarqand viloyati hokimi boshchiligidagi tadbirkor va hokimliklar vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olingani hamda hududlararo aloqalarni mustahkamlash maqsadida barcha sohalarda manfaatli kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlashgi ikkala tomon ham tayyor ekanliklarini bildirdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov Samarqand va Futszyan provinsiyasi o‘rtasida turizm va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida madaniy meros ob’yektlarini saqlab qolish, muhofaza qilish, qayta tiklash hamda yodgorliklardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni taklif qildi.
- Bu sohada kadrlar tayyorlash, mutaxassislar bilan tajriba almashish, YuNESKOning umumjahon ro‘yxatiga kiritilgan merosni qayta tiklash va asrab-avaylash, hamkorlik sohalarini kengaytirish va uzoq muddatli, barqaror hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga tayyormiz va bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun.
Uchrashuv yakunida hamkorlik bitimi imzolandi.
Delegatsiya a’zolari Samarqand xalqaro turizm akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.