Bu yil o‘qituvchilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi, maoshlar mavjud sertifikatlar asosida to‘lab beriladi
2023 yilda majburiy attestatsiyaga jalb qilinishi kerak bo‘lgan pedagoglarning amaldagi malaka toifalari 2024 yilga qadar amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati tugatilib, uning tegishli vazifa va funksiyalari Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga o‘tkazildi.
Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalari berish bo‘yicha yangi shaffof va adolatli tizim ishlab chiqilib, 2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, yangi tartib joriy etilgunga qadar 2023 yilda navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb qilinishi kerak bo‘lgan pedagoglarning amaldagi malaka toifalari to‘g‘risidagi sertifikatlarining amal qilish muddati navbatdagi attestatsiya tashkil qilingunga qadar uzaytiriladi.