Bugun Samarqandning birinchi rahbar ayoli Zulayho Norqulova tavallud topgan kun

Zulayho Norqulova 1937 yil 12 aprelda Paxtachi tumani Niyozjobi qishlog‘ida tug‘ildi.

Yoshligidan paxtaga mehr qo‘ydi, 1956 yilgi mavsumda qo‘lda 25 tonna paxta terib, ko‘pchilik e’tiboriga tushdi.

Zulayho Norqulova oddiy kolxozchilikdan mehnat faoliyatini boshladi. 1960-1962 yillarda Oxunboboyev jamoa xo‘jaligi, Paxtakor tuman partiya qo‘mitalarining kotibi, 1962-1973 yillarda Oxunboboyev jamoa xo‘jaligi raisi bo‘lib ishladi.

Shundan keyin 9 yil davomida Paxtachi tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1982-1983 yillarda G‘alaba qishloq kengashining raisi, 1983-1987 yillarda Navoiy davlat xo‘jaligi direktori, bo‘lim boshlig‘i hamda pensiyaga chiqqunga qadar Paxtakor qishloq kengashi raisining o‘rinbosari vazifalarida ishladi.

Z.Norqulovaning xizmatlari munosib baholangan. U o‘z davrida bir necha orden va medallar bilan mukofotlangan. Mehnat Qahramoni bo‘lgan.

U ikkinchi chaqiriq respublika Oliy Soveti deputatligiga saylangan.

Zulayho Norqulova tumanga rahbarlik qilgan yillarda qurilish va obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor berdi. Ko‘plab binolar bunyod etilishida bosh-qosh bo‘ldi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va hosildorlikni oshirishga katta ahamiyat berdi.

Z.Norqulova 2012 yilda 75 yoshida vafot etdi.