Bugundan 1-sinfga onlayn qabul boshlandi

2025-2026 o‘quv yilida viloyatdagi 1268 ta maktablarga 91740 nafar maktab yoshidagi bolalar 1-sinfga qabul qilinishi prognoz qilingan. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari 1-sinfiga 89667 nafar, xususiy va boshqa vazirlik hamda idoralar tasarrufidagi maktablarga 2073 nafar 7 yoshli bolalarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Viloyatda 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati orqali amalga oshiriladigan maktablar soni 2025-2026 o‘quv yilida 100 tadan 216 taga ortdi. O‘tgan yili Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahar maktablari onlayn qabul qilgan bo‘lsa, joriy yilda Toyloq va Samarqand tumanlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham 1-sinfga onlayn tarzda bola qabul qiladi.

Bu yil viloyatdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 3 117 ta o‘zbek, 162 ta rus, 24 ta tojik, jami 3 303 ta sinflarga o‘quvchilar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Yangi o‘quv yili uchun 1-sinflarga 2018 yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.

2025-2026 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali 2025 yilning 20 iyunidan – 31 iyuliga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida hamda 1-15 avgustga qadar mikrohududdan tashqari hududlardan amalga oshiriladi.

Qabul jarayonlari onlayn olib boriladigan 4 ta hudud (Samarqand shahar, Kattaqo‘rg‘on shahar, Toyloq, Samarqand tumanlari) ning mikrohududlari tuman (shahar) hokimlarining qarori asosida belgilangan mikrohududlarda istiqomat qiladigan ota-onalar farzandlarini my.maktab.uz yoki my.gov.uz davlat xizmatlari orqali ariza topshirishlari zarur bo‘ladi.

Onlayn hujjat topshirish uchun nima qilish kerak?

Ariza beruvchi 20 iyundan 31 iyulga qadar davlat xizmatidan foydalangan holda bolani umumta’lim maktabiga o‘qishga joylashtirish uchun YaIDXP yoki MMTV portalida ro‘yxatdan o‘tadi.

Ariza beruvchi portal orqali so‘rovnomani elektron ravishda mustaqil to‘ldiradi.

Bunda ariza beruvchi bolalarning ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslar bo‘lgan taqdirda, ularning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qiladi.

So‘rovnoma to‘ldirilgach, yashash manzili bo‘yicha mikrohududga biriktirilgan umumta’lim maktabi avtomatik ravishda belgilanadi.

Ariza beruvchining yashash manzili bo‘yicha umumta’lim maktabida tanlagan ta’lim olish tilidagi sinf bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa umumta’lim maktabi mikrohudud sifatida biriktiriladi.

Ariza beruvchi portal orqali so‘rovnomani to‘ldirib, tasdiqlaganidan so‘ng barcha hujjatlar va to‘ldirilgan so‘rovnoma avtomatik tarzda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga yuboriladi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi so‘rovnomani uch ish kunida ko‘rib chiqadi va mikrohudud bo‘yicha umumta’lim maktabiga yuboradi yoki sababi ko‘rsatilgan holda qaytariladi. Bu haqida ariza beruvchilarga xabar yuboriladi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan murojaati qaytarilgan ariza beruvchi avvalgi ariza raqamini ko‘rsatib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qiladi.

Ta’lim boshqa (jumladan, rus) tilda olib boriladigan umumta’lim maktablarida qabul komissiyasi bolalar bilan suhbat jarayonida tanlagan tilda bolaning boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega ekanligini o‘rganadi.

Bola tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, qabul komissiyasi bolani so‘zlashuv ko‘nikmasiga mos sinfga yoki boshqa umumta’lim maktabiga joylashtirish yuzasidan qaror qabul qiladi.

Umumta’lim maktablari bolalarni umumta’lim maktablariga qabul qilinganligi yoki sababi aniq ko‘rsatilgan holda qabul qilishni rad etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni YaIDXP yoki MMTV portali orqali shu kunning o‘zida ariza beruvchiga yuboradi.

Davlat xizmati joriy etilmagan maktablarda qabul jarayoni qanday bo‘ladi?

Davlat xizmati joriy etilmagan tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 1-sinfga qabul jarayonlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi hamda maktabga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi.

Bolalarni umumta’lim muassasasining 1-sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:

  • umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;
  • bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
  • bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.

Bolalar umumta’lim muassasasining 1-sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’iy nazar, tanlovsiz qabul qilinadi, faqat musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bundan mustasno.

Mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bola qabul qilish mumkinmi?

 Umumta’lim maktablarining bo‘sh o‘rinlariga mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilinishi mumkin. Mikrohududdan tashqaridan bolalar 1-sinfga har yili 1-15 avgust kunlari qabul qilinadi.

YaIDXP yoki MMTV portali orqali ariza beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra mazkur Reglamentda ko‘rsatilgan muddatlarda mikrohududdan tashqari bo‘sh o‘rinlari mavjud bo‘lgan umumta’lim maktablarini tanlagandan so‘ng so‘rovnoma avtomatik tarzda tanlagan umumta’lim maktablariga yuboriladi.

Ariza beruvchi murojaat yuborilgan vaqtning o‘zida mikrohududdan tashqarida bo‘lgan umumta’lim maktabiga hujjatlarni topshirish bo‘yicha onlayn navbatga avtomatik qo‘yiladi.

Onlayn navbatda belgilangan muddatda ariza beruvchi o‘z farzandi bilan mikrohududdan tashqarida bo‘lgan umumta’lim maktabiga boradi.

Qabul komissiyasi bir kun muddatda bolani mikrohududdan tashqarida bo‘lgan umumta’lim maktabiga qabul qilish yoki qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Mikrohududdan tashqarida bo‘lgan umumta’lim maktabiga qabul qilish rad etilgan va onlayn navbati bo‘yicha mikrohududdan tashqarida bo‘lgan umumta’lim maktabiga o‘z vaqtida kelmagan ariza beruvchining farzandlari ta’lim olish uchun biriktirilgan mikrohudud doirasida umumta’lim maktabiga jalb etiladi.

O‘quvchi o‘rniga nisbatan ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan umumta’lim maktablarida mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumta’lim maktablariga belgilangan qabul rejasi doirasida o‘quvchilar qabul qilingandan so‘ng arizalar qabul qilish avtomatik tarzda to‘xtatiladi.

Roziq FAYZIYeV,

viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining sho‘’ba boshlig‘i.