Nega bolasini birinchi sinfga berayotganlar sarson bo‘lyapti?
Avval bunaqasi bo‘lmagan edi. Birinchi sinfga hujjat topshirish oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishdan bir necha marta og‘irlashdi. Bunga kim aybdor? Nega mutasaddilar ahvolni o‘nglashga intilmaydi? Yoki tizimning ayrim korchalonlari suvni loyqalatib, "baliq ovlash"ni osonlashtirmoqchimi?
Mamlakatimizda aholini "yugur-yugur"lardan saqlash, idoralarda hujjat talab qilishni minimallashtirish borasida ancha ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Sohalarni onlayn tizimiga o‘tkazishdan maqsad ham aholiga yengillik yaratishga, ya’ni uydan turib, murojaatini hal qilishga qaratilgan.
Afsuski, Samarqandda maktab yoshidagi bolalar ro‘yxati onlayn tizimga kiritildi, endi maktabga mikrohududida yashayotganlarning farzandlari qabul qilinadi degan xabar tarqaldi-yu, ayrim mahallalarda avvalgi yillarda kuzatilmagan muammolar ko‘zga tashlana boshlandi.
Masalan, bizning Bog‘imaydon mahallamiz bolalari 60-maktabga boradi. Ammo shahar xalq ta’limi shakllantirgan ma’lumotlar bazasida mahallamizdan hech kim kiritilmagan. Maktab ma’muriyati bola hujjatini qabul qila olmaydi va ota-onalarga “sizning shu mahallada, ya’ni maktab mikrohududida yashashingiz haqida bazada ma’lumot yo‘q” deb javor beradi. Ota-onalar pasportidagi propiska haqidagi yozuvni, bu oilaning azaldan shu mahallada yashab kelayotganligini hech kim inobatga olmaydi. Bazaga kirishi uchun oila boshlig‘i hujjatlar tayyorlab, ovora bo‘lmog‘i kerak.
Ish mahalla markaziga kelishdan boshlanadi. Kamina mahalla raisi sifatida dalolatnoma yozib beraman. Unda ushbu oila Bog‘imaydon mahallasida yashab kelayotganligini tasdiqlayman. Oila boshlig‘i dalolatnomani ko‘tarib, kadastr idorasiga boradi. U yerda yashash manzili tasdiqlanadi va so‘ngra ichki ishlar bo‘linmasining pasport stoliga murojaat qiladi. Endi istiqomat qilayotgan manzili – ko‘chasi va uy raqami ko‘rsatilib, yana ro‘yxatga olinadi. Shundan so‘ng agar oila “gorono” bazasiga kiritilsa, bola maktabga qabul qilinadi.
Odamlarni sarson qilmaslik uchun shahar xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilariga quyidagi taklifni kiritgan edim: Biz mahalladan dalolatnoma tayyorlab, qaysi xonadonlar maktab mikrohududida yashashini ko‘cha nomi va uy raqamini ko‘rsatgan holda bo‘limga taqdim qilaylik, shunga qarab bolalar 1-sinfga qabul qilinsin. Bu taklif o‘tishiga ishonib, dalolatnoma hozirladik va “gorono”ga yubordik.
Negadir taklifimizga hech qanday javob olmadik. Aholi sarsongarchiligi esa davom etmoqda. Afsuski, bu hol faqat bizning mahallada emas, shaharning boshqa hududlarida ham ko‘zga tashlanayotgan ekan. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlardan ham bilsa bo‘ladi.
Toshpo‘lat Rahmatullayev.