Bulung‘urda 32 yoshli fuqaro 66 yoshli pensionerni urib o‘ldirdi

2020 yil 20 fevral kuni 66 yoshli X.T. yuz va chap ko‘z jarohatlari bilan Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Bulung‘ur tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilganida X.T.ni 32 yoshli fuqaro D.X. urganligi aniqlangan.

2020 yil 23 fevral kuni X.T.ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. D.X. gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.