Bulung‘urda kambag‘allik darajasi: Bir yilda 12,2 dan 7,6 foizga tushgan. Qanday tadbirlar hisobiga?
2024 yilda tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan mahallabay ishlash orqali 1649 nafar fuqaro doimiy va jamoat ishlariga joylashtirilgan.
- Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi qaroriga asosan tumanda jami 475 ta kambag‘al va nochor oilalarning ro‘yxati shakllantirildi, - deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi mutaxassisi Umrboy Asadov. - Ularga tumandagi tashkilot va muassasalarning 95 nafar rahbar hamda o‘rinbosarlari biriktirildi. Yil boshida 5757 ta kambag‘al oila bo‘lib, kambag‘allik darajasi 12,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilyakuniga kelib, ular soni 3645 taga qisqarib, kambag‘allik darajasi 7,6 foizni tashkil etdi.
Joriy yilda kambag‘al oilalarning 1071 tasiga yordam ko‘rsatish orqali ro‘yxatdan chiqarildi. Jumladan, 331 tasiga imtiyozli kreditlar, 48 tasiga subsidiya asosida asbob-uskunalar ajratildi, 99 tasi kasb-hunarga o‘qitilib, bandligi ta’minlandi, 279 tasi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi, 314 tasining “Sayhunobod” va “Uychi” tajribasi asosida bandligi ta’minlandi.
Maqsad tomorqadan kamida 50-60 million so‘m daromad olish
Tuman markazidan 16 kilometr olisda joylashgan Fozil Yo‘ldosh mahallasida 671 xonadonda 3680 nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu mahallada 10 ta kambag‘al oila ro‘yxatga olingan va ularning uchtasida nogiron, 1 ta oilada yakka yolg‘iz doimiy tibbiy yordamga muhtoj fuqaro istiqomat qiladi. Qolgan 6 ta oila doimiy daromadga ega emas.
- Ro‘yxatga olingan oila a’zolari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ehtiyoji borlarga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi, - deydi Fozil Yo‘ldosh mahallasidagi hokim yordamchisi Ilyos Murodov. – Ishlash istagida bo‘lgan uch oila a’zosi ijtimoiy soha muassasalariga ishga joylashtirildi. Ularga imkoniyatidan kelib chiqib 80 tadan tovuq, imtiyozli shartlarda 10 million so‘m kredit ajratilib, chorva mollari olib berildi. Sayhunobod tajribasi asosida tomorqachilikni rivojlantirish, qo‘y, chorva boqish, issiqxona tashkil etish orqali mavsumda oilalarning daromadini 50-60 million so‘mga yetkazish choralari ko‘rilmoqda. Mahallamiz pomidorchilikka ixtisoslashgan. Bu yerda mavsum davomida 6 ming tonnagacha pomidor yetishtiriladi, uni qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalarga zarurat tug‘ilmoqda. Kambag‘al oilalarni tomorqadan daromad olishga o‘rgatyapmiz, ammo mahallamizdagi ko‘plab xonadonlarda sug‘orish muammosi bor edi. Buning yechimi sifatida tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining jamg‘arma mablag‘lari hisobidan faqat sug‘orish uchun artezian qurib berildi. Bu artezian 30 dan ortiq tomorqani sug‘orish uchun ishlatiladi, sarflangan elektr energiyasi to‘lovlari umumiy to‘lanadi.
Mahallamizdan ishlash, o‘qish va doimiy yashash uchun xorijga ketgan fuqarolar bilan alohida suhbatlar o‘tkazildi. Oyiga 5 million so‘mdan kam maosh olayotgan 2 nafar fuqaro qaytib kelib, yer olib dehqonchilik qilishini, 2 nafari hunar o‘rganib, Yevropaga ketish istagini bildirdi.
Barcha xizmatlar bir joyda
- Mahallamizda o‘tgan yili sentyabr oyida “Hunarmandlar markazi” tashkil etildi va bu yerda metallga ilov berish, tikuvchilik, ayollar go‘zallik saloni, milliy pishiriqlar, quroqchilik, qishloq xo‘jalik agregatlariga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash ustaxonalari tashkil etilib, 18 ta yangi ish o‘rni yaratildi, - deydi I.Murodov. - Bu yerga ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar ishga joylashtirildi va ularga subsidiya asosida asbob-uskunalar berildi. Hunarmandlar markazining tutash qismidagi binoning birinchi qavatida 12 ta, yuqorisida 6 ta tadbirkorlik sub’yekti joylashgan va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sartaroshxona, buxgalteriya xizmatlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo do‘konlari joylashgan. G‘ijduvon tajribasi asosida bitta binoga tadbirkorlik sub’yektlarini jamlab, bir joyda xizmatlar tashkil etilgan. Bu aslida kompleks ravishda kichik sanoat ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘lishi kerak. Biz buni xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etib, “Ustoz-shogird” an’anasini yo‘lga qo‘ydik.
Shu mahallada yashovchi Gavhar Sulaymonova tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. U yaqingacha Toshkent shahrida ishlagan. Markaz ochilgach, shu yerda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi. Hozirda qishloq ayollari uchun ko‘ylak tikib, mahalla qizlariga tikuvchilikni o‘rgatmoqda.
Kambag‘al oila sifatida ro‘yxatga olingan Qobil Sattorovning 10 sotix tomorqa yeri bor. Mas’ullar oila bilan tanishib, daromad olish yo‘llarini tushuntirishdi.
- O‘zim shahardagi uy quruvchilarga yordamchilik qilaman, bahordan kuzgacha ishlab kun o‘tkazardim, qishda yana ishsizlikdan qiyinchilik bo‘lardi, - deydi Q.Sattorov. - Mahallamiz pomidorchilikka ixtisoslashgan va biz ham o‘tgan yili tomorqamizdan 5-6 tonna pomidor oldik. Yaqinda hokimlikdan, mahalladan kelib turmush o‘rtog‘imni mahallamizdagi 20-musiqa maktabiga farroshlikka ishga joylashtirishdi, o‘zim mahallada jamoatchilik asosida ishga kirdim. Yaqinda yana 80 bosh 15 kunda tuxumga kiradigan tovuq berishdi. Uyimiz markazda joylashganligini hisobga olib, kichikroq bo‘lsa ham oziq-ovqat do‘koni tashkil etish bo‘yicha tushuntirishlar berishdi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.