Bulung‘urda zamonaviy xususiy maktab qurilyapti

Bugungi kunda tadbirkorlar tomonidan tashkil qilinayotgan xususiy maktablarning asosiy qismi shahar joylarida bo‘lib, qishloqlarda bunday ta’lim muassasasi deyarli yo‘q.

Bulung‘ur tumani Qirqshodi mahallasida "SMART WORDS" MChJ tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida maktab ochish rejalashtirildi.

Qishloqdagi foydalanilmayotgan eski maktab binosi o‘rni xususiy maktab uchun ajratildi. Avvaldan qurilgan 10 xonali maktab binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, undan yotoqxona maqsadida foydalaniladi. Asosiy o‘quv binosi, sport zal hamda basseyn qurish ishlari boshlab yuborilgan.

- Maktab iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida san’at va sportni rivojlantirish, kompyuter savodxonligi hamda kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda, - deydi "SMART WORDS" MChJ muassisi Nigora Urolova. - Qurilish ishlari yakunlangach, o‘quvchilarni har yili 1-sinfdan boshlab qabul qilamiz. Shuning uchun xususiy maktabda yotoqxona ham tashkil etdik. Olis qishloq bolalari ham kelib o‘qishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratamiz. Endi bulung‘urlik qishloq yoshlari zamonaviy qulayliklarga ega ta’lim muassasasida o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, yoz oylarida bu yerda bolalar uchun dam olish oromgohi tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni damda xususiy maktabni qurish ishlari "SMART WORDS" MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Pandemiya davrida 30 ga yaqin qishloq yoshlari mavsumiy ish bilan ta’minlandi.

Xurshida ERNAZAROVA.