Bulung‘urdan Juma shahrigacha tezyurar poyezd yo‘lga qo‘yiladi

Viloyat Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov ishtirok etgan matbuot anjumanida Samarqand shahridagi Bo‘stonsaroy, Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Gagarin, Registon, Panjikent ko‘chalarida avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi ta’kidlandi.

Jurnalistlar va blogerlarga Samarqand shahar hokimligi huzurida jamoat transporti tizimini boshqarish uchun “Loyiha ofisi” ish boshlagani ma’lum qilindi.

- 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturiga asosan, ko‘chalarimizda tirbandlikni kamaytirish maqsadida “Bo‘stonsaroy - Mirzo Ulug‘bek”, “Bo‘stonsaroy - Amir Temur”, “Ibn Sino - Afrosiyob”, “Ibn Sino - Dahbed” va “G-34 - Usmon Yusupov” nomli ko‘chalar kesishuvida o‘rnatilgan yangi svetoforlar avtomat tarzda boshqarilmoqda, - deydi Akobir Ashurov. - Shuningdek, 45 ta chorraha hamda 16 ta tartibga solinmagan chorraha va piyodalar o‘tish joylarida ham svetoforlar o‘rnatildi. Yil yakunigacha Xitoydan “King Long” rusumidagi 80 dona avtobus keltirilsa, 2023 yildan boshlab elektrobuslar xarid qilinadi. Shuningdek, kelgusida Bulung‘ur tumanidan Juma shahrigacha bo‘lgan masofada tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. 

Matbuot anjumanida viloyat bo‘yicha 67 ta, Samarqand shahrida 21 ta jamoat transporti yo‘nalishi xarajatlarini qoplamaganligi tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatganligi ta’kidlandi.

Dilmurod To‘xtayev.