Bulung‘urlik yoshlarning qanday muammolari bor?
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedovning galdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da ana shu savolga javob izlandi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev, sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda 100 nafardan ziyod yoshlarning murojaatlari eshitildi.
Xususan, Kildon mahallasi yoshlar yetakchisi Bekzod Lapasov Yangiariq mahallasida yoshlar yetakchilari tomonidan «Yoshlar bog‘i» tashkil etilgani, lekin sug‘orish tizimi yo‘qligi va bog‘ atrofini o‘rash muammo tug‘dirayotgani, shu bois bu borada yordam so‘radi. Tuman hokimi ushbu masala ko‘rib chiqilib, muammo hal etilishini bildirdi.
O‘tgan yilgi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da o‘quv markazimni kengaytirish uchun imtiyozli kredit so‘ragandim, - deydi Oqtepa mahallasida yashovchi Sojida Turdibekova. - Murojaatim hal etilib, kredit ajratildi va hozirda markazimizda 500 nafar yosh o‘qimoqda. Endi yoshlar o‘rtasida IT hamda kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida tumandagi «Yangi O‘zbekiston» massivida yengil konstruksiyali zamonaviy IT-markaz hamda kutubxona tashkil qilmoqchimiz. Buning uchun yer maydoni ajratilishida yordam so‘radim. Mas’ullar loyihalarni ko‘rib chiqib, yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Agar rejamiz amalga oshsa, yiliga 200 nafargacha yoshlar IT kasblarini o‘rganadi.
Kichik Kildon mahallasida yashovchi Shokir Rahmatov yaqinda Rossiyadan qaytgani, hozirda ishsizligi va faoliyat boshlashi uchun motokultivator so‘ragan bo‘lsa, Yangiobod mahallasidan Otabek Mamasoliyev Janubiy Koreyada tahsil olgach, tumanda o‘quv markazi ochgani, yoshlarni ish bilan ta’minlagani hamda koreys, ingliz va rus tillarini mukammal bilishini aytib, faoliyatini kengaytirish uchun bo‘sh bino so‘radi. Murojaatlar yechimi yuzasidan DXX viloyat boshqarmasi va tuman hokimligi mas’ullari biriktirildi.