Dabdabali to‘ylar: Qachongacha yo‘qchilikdan or qilib, boylikdan kibrlanib yashaymiz?

Bugun o‘ziga to‘q oilalar dang‘illama to‘y qilib, uni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilayotgani, boshqalarning bunga imkoni bo‘lmasa-da, farzandlarini tengqurlaridan kam qilmaslik uchun dabdabali to‘y qilishga chiranayotgani haqiqat. Bu borada to‘ylarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdababozlikning oldini olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, me’yorlar belgilab berilgan edi. Biroq keyingi paytda o‘tkazilayotgan to‘ylarda ushbu me’yorlarga amal qilinmayapti.

Yaqinda bir o‘rtog‘im uylandi. Otasi Rossiyadan qaytgach, “O‘g‘limni hech kimdan kam qilmayman”, deb dang‘illama to‘y qilib berdi. Do‘stim to‘y kuni “ZAGS”ga o‘zi xohlagan “Mers” mashinasida bordi. Kuyovjo‘ralarga ham “Malibu” “zakaz” qilib, pulini oldindan to‘ladi. Restoranni aytmaysizmi, gullar bilan bezatilgan, dasturxonda turli noz-ne’matlar muhayyo, Toshkentdan taniqli xonandalar kelgan... 

Xullas, to‘y dabdabali o‘tdi. Lekin otaning yillar davomida musofirlikda ishlab topgan puli bir kunda sovurildi. Buning ustiga, qulog‘igacha qarzga botdi. Endi otaning bu qarzlarni uzib, farzandlarini uyli-joyli qilguncha yana o‘zga ellarda musofir bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. 

Shukur Xolmirzayevning “O‘zbeklar” hikoyasida biz, o‘zbeklarning shu fe’li haqida gap ketadi. Ya’ni, o‘zi jo‘jabirday cho‘pon oilasi boshqalarga faqirligini ko‘rsatishdan or qiladi. Hatto oyda yemaydiganini bir kunda to‘kib beradi. Ro‘zg‘orimiz zo‘rg‘a o‘tib turgan bo‘lsa-da, to‘y qilishga kelganda “boyvachchalar”nikidan kam bo‘lmasin, deymiz. Qachongacha yo‘qchilikdan or qilib, boylikdan kibrlanib yashaymiz?

Keyingi paytda to‘ylarda nikoh kuni yarim tunda kuyovjo‘ralarning “Yor-yor” aytishi avj olgan. Yaqinda tahririyatimizga Samarqand shahrida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qildi. Aytishlaricha, nikoh kuni shirakayf kuyovjo‘ralar avtomashinalar yo‘lini to‘sib oladi va olov atrofida “Yor-yor” aytib, raqsga tushadi. Yoshlarning bu qilig‘i oqibatida yosh yigit yonilg‘i botirilgan paxtani yoqaman deb yuzini kuydirib olgan va nogiron bo‘lib qolgan. Nahotki, ota-ona va mahalladagilar ularni nazorat qila olmasa?

Fazliddin Ro‘ziboyev.