Davlat test markazi ETS tashkilotining rasmiy hamkoriga aylandi
Xalqaro imtihon tizimlarini respublikamizda joriy etish orqali yoshlarga O‘zbekistonning o‘zida xalqaro imtihonlarni topshirish va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida Davlat test markazi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Ana shunday hamkorlik doirasida, test savollarini tuzish va test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri bo‘lgan AQShning Educational Testing Service (ETS) va Davlat test markazi o‘rtasida ETS imtihonlarini hamkorlikda o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Mazkur kelishuvga asosan Davlat test markazi ETS Global tashkilotining barcha talablariga javob bergan holda “TOEFL ITP Level 1 & 2 Digital Test” va TOEIC (Listening, Reading, Speaking, Writing) imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.
Unga ko‘ra, Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan “TOEFL ITP Level 1 & 2 Digital Test” va TOEIC (Listening, Reading, Speaking, Writing) imtihonlari xalqaro miqyosda tan olinadi hamda imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga ETS tashkilotining xalqaro sertifikati beriladi.