DTM: Belgilanmagan test topshirig‘i uchun ball berilishi natija xato hisoblanganligini anglatmaydi
Davlat test markazi ma’lum qilishicha, o‘tkaziladigan test sinovlarida talabgorlarda test topshirig‘iga nisbatan biror e’tiroz mavjud bo‘lsa, o‘z e’tirozini yozib berish uchun e’tirozlar blankasi joriy etilgan bo‘lib, mazkur blanka oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ham qo‘llaniladi.
Bunda abituriyent unga berilgan test topshirig‘ida biror xatolik mavjud deb hisoblasa, mazkur test topshirig‘i yuzasidan o‘z e’tirozini blankaga yozib beradi.
Bildirilgan e’tirozlar fan mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqiladi va agar o‘rinli bo‘lsa, mazkur test topshirig‘i tushgan barcha abituriyentlarga (abituriyent e’tirozlar blankasiga yozmagan bo‘lsa ham) ushbu test topshirig‘i uchun tegishli ball beriladi.
Bunda abituriyent mazkur test topshirig‘iga javob belgilagan yoki belgilamaganligining ahamiyati yo‘q. Ya’ni, abituriyentning e’tirozi asosli bo‘lsa, u javoblar varaqasiga belgilagan bo‘lsa ham, belgilamagan bo‘lsa ham unga mazkur test topshirig‘i uchun tegishli ball beriladi.
Agar abituriyentning e’tirozi asossiz bo‘lsa, abituriyentning e’tirozi inobatga olinmaydi va test topshiriqlari abituriyent javoblar varaqasiga belgilagan javoblar asosida tekshiriladi.