DTM ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi holatlar biroz noto‘g‘ri talqin qilingani yuzasidan izoh berdi

Davlat test markazi kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazgan «Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlarining dastlabki yakunlari va tahlili» mavzusidagi matbuot anjumanidan so‘ng ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi holatlar bir oz noto‘g‘ri talqin qilinayotgani bois bayonot bilan chiqdi.

Davlat test markazi mazkur holatlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.

1️⃣ Test natijalari xato hisoblanmagan.

Matbuot anjumanida test natijalari qayta tekshirilishi aytib o‘tildi. Lekin bu yerda test natijalari xato hisoblangan, shuning uchun test natijalari qayta tekshiriladi, deb aytilmagan.

Davlat test markazida har doim test natijalari bir necha bora tekshiriladi. Joriy yilda ham test natijalari qayta ko‘rib chiqiladi va bu mandatgacha bajariladi. Bu albatta, test natijalarining to‘g‘ri tekshirilganiga to‘liq ishonch hosil qilish, qandaydir xatoliklar o‘tib ketmaganligini tekshirish, umuman olganda, test natijalarini tahlil qilish uchun amalga oshiriladi.

2️⃣ Ayrim abituriyentlarning test natijalarini e’lon qilishdagi xatolik tuzatilgan.

11 sentyabr kuni test sinovlari natijalarini e’lon qilishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Test natijalaridagi texnik xatolik Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida 10 sentyabr kuni 1-smenada o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan ayrim abituriyentlarda yuzaga kelgan.

Hozirda mazkur texnik xatolik tuzatilib, test natijalari xato e’lon qilingan abituriyentlarning natijalari yangilangan. Mazkur abituriyentlar shaxsiy kabinetlari orqali yangilangan test natijalarini qayta ko‘rishlari mumkin.

3️⃣ Javoblar varaqasidagi chang test natijalarini xato hisoblanishiga olib kelmagan.

Test sinovlari ochiq maydonlarda o‘tkazilgani sababli javoblar varaqasida chang to‘plangan. Bu holat natijalar hisoblanishi ko‘proq vaqt talab etilishiga sabab bo‘lgan. Chunki ma’lum miqdordagi javoblar varaqasini skaner qilgandan so‘ng skaner qurilmalarini changdan tozalash zaruriyati yuzaga kelgan. Bu albatta, natijalar kunning oxirida e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan.

4️⃣ Abituriyentlardan qayta test olinmaydi.

2 sentyabrdan 13 sentyabrgacha bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 90 nafar abituriyent tana harorati 37 gradusdan yuqori bo‘lganligi sababli dalolatnoma tuzilib, test sinovlariga kiritilmadi. Bu albatta, boshqa test topshiruvchi abituriyentlar va guruh nazoratchilari salomatligini o‘ylagan holda Davlat komissiyasining 2020 yil 19 iyundagi 1-son bayoniga muvofiq amalga oshirildi.

Mazkur bayonga asosan, 17 sentyabr kuni tana harorati 37 gradusdan yuqori bo‘lgan, test sinovlariga kiritilmagan abituriyentlar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tayyorlangan stadion va xiyobonlarda qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.