Deputat maktabga kuzatuv kameralari o‘rnatib berdi
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, tadbirkor Narziqul Xoliqov saylovchilar manfaatlarini himoya qilish, ularning muammo va dardlarini ko‘tarib chiqishda faollik ko‘rsatmoqda.
U yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Samarqand shahrida daraxtlarga tashqi reklama vositalari o‘rnatilganini qoralab, muammo yechimi yuzasidan o‘z takliflarini bildirgan edi. Bu esa mutasaddi tashkilotlarga ta’sir qilib, masala keng miqyosda o‘rganildi hamda daraxtlarni bunday “libos”dan tozalashga kirishildi.
Deputatning bu galgi xayrli tashabbusi saylov okrugi hududidagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sinfxonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatish bilan bog‘liq bo‘ldi.
– Shu paytgacha maktabimiz hovlisida kuzatuv kameralar bo‘lsa-da, sinfxonalarda yo‘q edi, – deydi maktab direktori o‘rinbosari Murodqul Madiyev. – Viloyat Kengashiga saylagan deputatimiz N.Xoliqov yuqori sinf o‘quvchilari o‘qiydigan 8 ta sinfxonamizga zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatib berdi. Bu kameralar nafaqat tasvirni, balki ovozni ham yozib olar ekan. Direktor xonasidagi monitorda sinfxonalardagi dars jarayonlarini kuzatib turish mumkin. Bu o‘quvchilarning mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishi va dars sifatiga ijobiy ta’sir qilmoqda.