Deputatlar O‘zbekistonda majburiy emlashni kiritishni taklif qilishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – Doniyor G‘aniyev, Qizilgul Qosimova va Nodir Jumayev koronavirus bo‘yicha vaziyatni barqarorlashtirish uchun respublikada majburiy emlash kiritilishi tarafdori ekanliklarini aytdi. Bu haqda “Taraqqiyot formulasi” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
"Shubhasiz, koronavirusga qarshi kurashning yagona yo‘li bu - vaksinatsiya. Lekin emlashni ommaviy tarzda majburiy qilinishiga qarshiman. Aksincha, “carrot and stick” yondashuvi, ya’ni taqiq va rag‘batlantirish kombinatsiyasidan foydalanish kerak.
Bir tomondan, vaksina olganlarga to‘lov yoki xizmatlardan imtiyozlar, qo‘shimcha dam olish kunlari, turli xil yutuqli lotoreyalar yoki pulsiz ko‘rinishdagi boshqa mukofotlar taqdim etish mumkin.
Boshqa tomondan, 2021 yil 1 oktyabrdan savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sub’yektlariga faoliyat ko‘rsatishi uchun xodimlarning kamida 70 foizi vaksinalangan bo‘lishini talab qilish, vaksina olmagan fuqarolarga chetga chiqishni cheklash, samolyot va poyezdlardan foydalanishni yoki sport tadbirlari, konsertlar va savdo markazlariga borishni taqiqlash orqali aholining ma’lum qatlamini bilvosita vaksina olishga majburlash mumkin", dedi deputat Doniyor G‘aniyev.