O‘zbekistonda 87 ming nafardan ortiq bola Pfizer/BioNTech vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlandi
Sog‘liqni saqlash vazirligi shu yilning 28 sentyabridan O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasining qaroriga asosan, yurtimizda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lum qilgan edi.
Koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining 12-15 yoshdagi bolalarda o‘tkazilgan klinik sinovlarining natijalari mazkur vaksinaning yuqori darajada samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatgan bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 12 yoshdan yuqori bolalar va o‘smirlarni Pfizer vaksinasi bilan emlash tavsiya etilgan.
5 oktyabr holatiga ko‘ra, yurtimizda 87 710 nafar 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlandi.
Hozirda yurtimizda ommaviy vaksinatsiya tadbirlari 3 138 ta emlash punktida va 18 828 ta harakatdagi brigadalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Hududlardagi istalgan emlash punktida 12 yoshdan katta bolalar ota-onalari va vasiylarining roziligi asosida koronavirusga qarshi emlanishlari mumkin.