Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda

Rossiyadagi har beshta kompaniyaning biri koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh tortgan va buning uchun tibbiy sabablari bo‘lmagan xodimlarni ishdan chetlashtirgan yoki bo‘shatgan.

“Forbes”ning ma’lum qilishicha, vaksina olishi majburiy bo‘lgan 900 ta kompaniya o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ularning 47 foizida xodimlarning o‘ndan bir qismi, 33 foizida uchdan bir qismi, 12 foizida esa yarmidan ko‘prog‘i emlashdan bosh tortgan.

Ushbu kompaniyalar tomonidan emlashdan bosh tortgan xodimlarga turlicha munosabat bo‘lmoqda. Tashkilotlarning qariyb 50 foizi xodimlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rmagan, ammo 16 foizi xodimlarini ishdan chetlatgan, 5 foizi esa ishdan bo‘shatgan.

Mutaxassislarning fikricha, majburiy emlash sababli xodimlarning ommaviy ishdan bo‘shatilishi yoki boshqa sohalarga o‘tib ketishi holati yuz bermaydi. Chunki hozirgi vaqtda Rossiya mehnat bozori kadrlar yetishmasligini boshdan kechirmoqda.