"Dolzarb 60 kun": yong‘in xavfsizligiga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirildi

Joriy yilning 5 iyulidan 5 sentyabriga qadar respublikamiz bo‘ylab "Yoz mavsumida yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan "Dolzarb 60 kun" profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda.

Shu munosabat bilan viloyat Matbuot uyida favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

- Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashdan iborat, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorov.  - "Dolzarb 60 kun" doirasida aholi turar joylari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, bozorlar, savdo majmualari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari, yirik qurilish ob’yektlari hamda yozgi oromgohlarda profilaktik ko‘riklar va tushuntirish ishlari kuchaytirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2026 yilning birinchi yarim yilligida viloyatda 5 673 ta tekshiruv va 358 ta monitoring o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha aniqlangan ko‘plab kamchiliklar bartaraf etilgan. Qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 1544 ta ob’yekt faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 10106 ta nosoz elektr qurilmasidan foydalanish taqiqlangan.

Shuningdek, aholi o‘rtasida keng qamrovli profilaktik va targ‘ibot ishlari tashkil etilib, yuz minglab fuqarolarga yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.

Anjumanda mutaxassislar jurnalistlarning savollariga batafsil javob berdi.