Dunyo matematiklari e’tirof etgan olim

Shunday insonlar bo‘ladiki, ular nafaqat farzandlar tarbiyasi, balki o‘zining ishiga bo‘lgan mas’uliyati, boshqalarga munosabati bilan ham ziyoli ekanligini namoyon etadi. Samarqand davlat universiteti algebra va geometriya kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori Xayrulla Narzullayev ana shunday ziyoli inson edi.
X.Narzullayev 1922 yil 29 dekabrda Samarqand shahri Qo‘shhovuz mahallasida dunyoga keldi. 1938 yilda O‘zbek davlat universitetining tayyorlov kursini bitirib, shu yili universitetning fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi.
1945 yil o‘qishni tugatib, shu fakultetda aspiranturada o‘qishni davom ettirdi. 1949 yil fizika-matematika fanlari nomzodi darajasi uchun dissertatsiya himoya qildi. U SamDUda assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, dekan va professor lavozimlarida ishladi. 1994 yil fizika-matematika fanlari doktori darajasini himoya qildi.
X.Narzullayev 1958 yil SamDU fizika-matematika fakulteti, keyinroq esa mexanika-matematika fakulteti dekani lavozimida 1974 yilgacha samarali faoliyat ko‘rsatdi. Shu yillar davomida fakultetning ilmiy salohiyatini oshirishga katta hissa qo‘shdi. Yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning ilmiy izlanishlariga rahbarlik qilish uchun Rossiyadan yetakchi matematiklarni taklif qildi. Natijada hozirgi kunda respublikamiz miqyosida ko‘pchilik yetakchi matematiklar domlani faxr bilan o‘z ustozlari deb bilishadi.
Xayrulla Narzullayevning sonlar geometriyasining aktual masalalariga bag‘ishlangan 100 ga yaqin ilmiy maqolalari Rossiya, Amerika, Gollandiya, Germaniyaning yetakchi ilmiy jurnallarida chop etilgan. Sonlar nazariyasining murakkab muammolarini hal qilishda yaratgan DOTU metodi jahon matematiklari tomonidan tan olingandi. Bundan tashqari, 5 ta o‘quv va bir qancha uslubiy qo‘llanmalar muallifi hamdir.
Xayrulla aka Samarqand shahri, universitet va fakultet jamoat ishlarini tashkil qilishda yetakchilik qilar edi. U ikki marta xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashiga deputat etib saylangan, universitet oqsoqollar kengashi a’zosi sifatida yosh avlodni munosib tarbiyalashda fidoyilarcha ish olib borardi. Olim davlatimizning 8 ta medali va Oliy Kengash prezidiumining ikkita faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan edi.
Xayrulla Narzullayevning turmush o‘rtog‘i Munira aya ham umrini o‘qituvchilik kasbiga bag‘ishlagan. Ustoz Munira aya bilan salkam 60 yillik hayotlari davomida olti o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. Ular bugun xalq xo‘jaligining turli jabhalarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
X.Narzullayev qat’iyatli, mas’uliyatli va mehnatsevar, farzanlari va hamkasblariga nisbatan talabchan va g‘amxo‘r inson sifatida boshqalarga namuna bo‘lib keldi.
Haydar Ro‘zimurodov,
fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.