Dunyo qit’alari nega shunday nomlanadi?

Sayyoramizda dunyoning oltita qit’asi mavjud. Bular - Osiyo, Amerika, Afrika, Antarktida, Yevropa, Avstraliya. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, dunyoning bu qit’alariga nima uchun bunday nom berilgan? Bu nomlar qayerdan kelib chiqqan?

Osiyo

Ushbu nom qadimgi yunonlarning Prometey haqidagi afsonalaridan kelib chiqqan. Gerodot Prometeyning xotini Osiyoni tez-tez tilga olardi. Boshqa manbalarga ko‘ra, u uning onasi bo‘lgan. Chamasi, dunyoning bu qismi uning nomi bilan atalgan.

Amerika

Amerikani 1492 yilda Xristofor Kolumb rasman ochganini bilamiz. Uni Kolumbiya deb atash mantiqqa to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. Gap shundaki, keksa Kolumb o‘lgunga qadar o‘zi kashf etgan yerlar yangi qit’aga tegishli ekanligini bilmagan. U Hindistonga yangi yo‘l ochdim deb o‘ylardi, aslida aynan shu maqsad bilan sayohatga chiqqandi. Shu sabab u tomonidan kashf etilgan yerlarning aholisi hindular deb nomlangan.

Amerika yana bir kashfiyotchi Amerigo Vespuchchining nomi bilan atalgan. U kashf etgan yerlar yangi qit’a ekanligini o‘z tadqiqotlari orqali tasdiqlab berdi.

Vespuchchi yangi qit’aga o‘z nomini abadiylashtirishga urinmadi, u bu yerga “Yangi dunyo” nomini berdi. O‘sha davrning taniqli kartografi Martin Valdzemyuller bu g‘oyani amalga oshirgan, aynan u yangi yerlarni Amerika deb atagan.

Afrika

Dunyoning ushbu qit’asi nomlanishining bir necha taxmini bor. Asosiysi Karfagen davriga to‘g‘ri keladi. Qadimgi karfagenliklar yaqin atrofda yashovchi qabilalarni “afri” deb atagan. Karfagen qulaganidan keyin bu yerlar Rim provinsiyasiga aylandi va “Afrika” deb nomlana boshlandi.

Antarktida

Yana qadimgi Yunoniston. “Antarktida” so‘zi yunoncha “Antarktika” so‘zidan “Arktika qarshisi” deb tarjima qilingan. Bu qit’a 1820 yilda Bellinsgauzen boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi tomonidan ochilgan.

Yevropa

Bu yer ham qadimgi yunon afsonalaridan xoli emas. Yevropa - qadimgi yunon asotirida Finikiya shohining Zevs tomonidan o‘g‘irlangan qizi. Bu ism finikiy tilidagi, taxminan "botish", "g‘arb" ma’nolaridan kelib chiqqan. Asotirga ko‘ra, Zevs dugonalari bilan dengiz qirg‘og‘ida o‘ynab yurgan Yevropaning oldiga buqa shaklida keladi va uni yelkasiga mindirib, Krit oroliga olib ketadi.

Avstraliya

Bu yerda hammasi oddiy va afsonasiz. "Australis" lotin tilidan “Janubiy” deb tarjima qilingan. XVII asrda ushbu qit’ani gollandlar kashf etgan va unga “Yangi Gollandiya” deb nom bergan. Avstraliyaning qirg‘oqlarini o‘rgangan va o‘z kemasida birinchi bo‘lib aylanib chiqqan angliyalik Metyu Flinders boshqa nomni taklif qildi - “Avstraliya”. Qit’a oddiy va tushunarli ushbu nom bilan ko‘kardi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.