Dunyodagi yashash eng qimmat va eng arzon shaharlar e’lon qilindi. Ro‘yxatda Toshkent ham bor

Britaniyaning The Economist jurnali tomonidan tuzilgan dunyoning eng qimmat shaharlari reytingida Tel-Aviv birinchi o‘rinni egalladi.

Ikkinchi o‘rinda Parij, undan keyin Singapur joylashgan. Ro‘yxatning to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarini mos ravishda Syurix va Gonkong egalladi.

Dunyoning eng qimmat shaharlari 10 taligiga Nyu-York, Jeneva, Kopengagen, Los-Anjeles va Osaka ham kiradi.

Hisobotning ochiq qismida o‘tgan yil davomida reytingda eng yuqori pog‘onaga ko‘tarilgan shaharlar ham sanab o‘tilgan. Xususan, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron 79-o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarilgan. Tehronda yashash narxining oshishi “ta’minot bilan bog‘liq qiyinchiliklar, tovarlar tanqisligi va AQSh sanksiyalari qaytarilganidan keyin import narxlarining oshishi” bilan izohlanadi. Kiyev bir yil ichida 101-o‘rindan 88-o‘ringa, Moskva - 106-o‘rindan 96-o‘ringa ko‘tarildi.

Reytingga ko‘ra, Toshkent, Damashq, Tripoli, Tunis va Olmaota yashash uchun dunyodagi eng arzon shaharlar deb topilgan.

EIU yiliga ikki marta dunyoning 173 ta shahridagi yashash qiymati indekslarini hisoblaydi. Bunda mutaxassislar oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joy ijarasi kabi yuzlab tovar va xizmat turlari narxlarini ko‘rib chiqadi.