“E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi ishga tushiriladi

Vazirlar Mahkamasi joriy yil 2 iyulda “Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrgacha “E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi sinov tarzida, 2027 yil 1 martgacha to‘liq amaliyotga joriy etiladi.
Unda bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari va savdo o‘rinlari ochiq e’lon qilib boriladi. Aholini bozorlar va savdo komplekslari faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirish, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yo‘llash va javob olish imkoniyatlari yaratiladi. “E-bozor” platformasi “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida joriy etiladi.
Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi va ularning faoliyati samaradorligi kunlik tahlil qilib boriladi.

Bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1 avgustdan transportlarni saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlanadi va elektron tarzda yuboriladi.