“Dolzarb 60 kun”: Yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan proflaktik tadbirlar davom etmoqda

Shu yilning 5 iyulidan 5 sentyabriga qadar respublika hududida “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbir doirasida viloyatimizda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlari, taktik-amaliy mashqlar hamda targ‘ibot ishlari tashkil etilmoqda.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirlar davomida viloyatdagi 791 ming 289 ta yakka tartibdagi uy-joylarning 37 ming 931 tasi o‘rganilib, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish, qo‘lbola elektr ulanishlariga yo‘l qo‘ymaslik, nosoz elektr simlarini o‘z vaqtida almashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartiblari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.

Shuningdek, 2 ming 414 ta ko‘p qavatli uyning 505 tasi hamda 83 ming 907 ta xonadondan 14 ming 792 tasining yong‘in xavfsizligi holati ko‘zdan kechirilib, aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish maqsadida targ‘ibot materiallari tarqatilgan, yong‘inlarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olish choralari haqida tavsiyalar berilgan.